x

O'rta-maxsus ta'lim

Go`sht qo`shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar), sun'iy ta'm, hid beruvchi moddalar, bo`yoqlar, aromatizatorlar qo`shilgan qandolat mahsulotlari va boshqa ko`plab mahsulotlarni maktab oshxonasida tayyorlash va sotish taqiqlangan.

Qonunchilik bilan maktab oshxonalarida tayyorlash va sotish taqiqlangan mahsulotlar ro`yxati shakllantirilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi raisi o`rinbosari Nurmat Otabekov ma'lumot berdi.

— «Umumiy o`rta, o`rta maxsus, professional ta'lim muassasalarida o`quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari»ga ko`ra, quyidagilar maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas:

- Go`sht qo`shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar);

- Sun'iy ta'm, hid beruvchi moddalar, bo`yoqlar, aromatizatorlar qo`shilgan qandolat mahsulotlari;

- Sun'iy konservantlari bo`lgan «suxariki» va chipslar, qurt, pista, uy sharoitida tayyorlangan donali shimiladigan shirinliklar;

- Rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar;

- Veterinariya nazoratidan o`tmagan go`sht, baliq, parrandalar; jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-pochalar;

- Tashqi qobig`i toza bo`lmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar;

- Bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli o`zgargan, yorlig`i bo`lmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan har-xil turdagi  konservalar;

- Turli aralashmalar yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar;

- Kremli qandolat mahsulotlari (tort va pishiriqlar);

- Holodets, parranda va tuyoqli hayvonlar oyog`idan tayyorlangan hamda kalla go`shti ruletlari, o`pka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar;

- Pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq, qo`lbola qatiq, epizootik noxush xo`jaliklardan olingan, shuningdek dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari, qimiz va tarkibida etanol bo`lgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar;

- Qo`ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar;

- Kvas;

- Hom dudlangan go`shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, qaynatilgan kolbasa;

- Sirka, xantal, xren (erqalampir), o`tkir qalampir (qizil, qora) va boshqa o`tkir ziravorlar;

- O`tkir ta'mli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va mevalar;

- Tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik va alkogol' ichimliklar;

- Pazandalik moylari, cho`chqa yog`i, margarin va boshqa gidrogen yog`lar;

- Danakli mevalarning mag`zi, saqich, meva va rezavorlilardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar (termik ishlovsiz);

- Okroshka va sovuq sho`rvalar, yog`da qovurilgan tuxum, pashtet, go`sht va tvorogli quymoqlar.

Shuningdek, tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat kontsentratlari asosidagi birinchi va ikkinchi taomlarning maktab oshxonalarida bo`lishi taqiqlanadi.

Dilmurod TILOVOV tayyorladi

 

To Top ↑
To Top ↑