O'rta-maxsus ta'lim
“Berdaq…qardosh qoraqalpoq xalqining oti o`chmas ulug` shoiri va qoraqalpoq adabiyoti poydevoriga g`isht qo`ygan ulkan siymosidir”
Mirtemir
Men elga baxt etsa, dedim,
Zolim o`ti o`chsa,dedim,
Nola chekib qayg`u edim,
El g`amida o`tgan umrim.
Berdimurod haqning quli,
Sahroda o`sgan bulbuli, — deya kuylagan Berdaq Qarg`aboy o`g`li.
Berdaq uning taxallusi bo`lib, asl ismi Berdimurod shoir 1827 yili Mo`ynoq tumanida dunyoga kelgan. Berdaq shoir qoraqalpoq adabiyoti asoschisi deb sifat beriladi. Dastlab, ovul maktabida, so`ng madrasada tahsil ko`rgan. Berdaq Abulqosim Firdavsiy, Ahmad Yassaviy, Sa'diy Sheroziy, Fuzuliy, Dehlaviy, Jomiy, Alisher Navoiy, Maxtumquli va qoraqalpoq shoiri Kunxo`ja asarlarini chuqur mutolaa qilgan, ulardan o`rgangan. U tarixni va xalq, og`zaki ijodini mukammal bilgan.
Berdaqning lirik she'rlarida, dostonlarida qoraqalpoq xalqining 18-19-asrlardagi ijtimoiy hayoti o`z ifodasini topgan. U o`z davri voqealariga, ijtimoiy munosabatlarga zukko shoir sifatida baho beradi. Asarlarida tenglik, insonparvarlik, adolat va vatanparvarlik g`oyalari ilgari suriladi. Shoir Berdaq ijodida mehnatkash xalqning ahvoli asosiy mavzudir. Jumladan “Bo`lgan emas”, “Soliq”, “Bu yil”, “Umrim” va boshqalar. “Halq uchun”, “Menga kerak” she'rlarida esa, shoir haqiqat uchun, mehnatkash ommaning baxti va kelajagi uchun fidokor kurashchilarni orzu qiladi. Tarixiy mavzudagi “Avlodlar”, “Omongeldi”, “Aydo`sbiy”, “Ernazarbiy” asarlarida shoir xalq qahramonlarini faxr bilan kuylaydi.
Berdaqning “Avlodlar” asari tarixiy voqealar solnomasi bo`lib, qoraqalpoq xalqi bilan boshqa turkiy xalqlar hayotidagi mushtarak voqealar qalamga olinadi, qabila va xalqlarning kelib chiqishi haqidagi voqealari bayon qilinadi. Berdaq “Yaxshiroq”, “Shekilli” asarlarida ba'zi ta'magir ruhoniylarning kirdikorlarini fosh etadi. “O`g`limga”, “Ahmoq bo`lma” asarlarida ayollar huquqini himoya qiladi, yoshlarni vatanni sevishga, ma'rifat cho`qqilarini egallashga chaqiradi
She'riy mushohadalari va hayotga qarashlarvda Berdaq mehnatkashlarning baxtiyor yashashini orzu qildi. Berdaq xalqni baxtli qilish haqida o`ylar ekan, Allohdan madad so`raydi (“Yordam ber”), baxt haqida fikr yuritadi (“Izladim”), odil podshoni orzu qiladi (“Kerak”), baxtiyor yashaydigan jamiyat qurilishiga umid qiladi. Berdaq ijodi xalq og`zaki adabiyoti an'analariga yaqin turadi. Ijodi serqirraligi, asarlarining g`oyaviy va badiiy yuksakligi bilan qoraqolpoq adabiyoti tarixida asosiy mavqeni egallaydi. Uning ko`pgina asarlari o`zbek va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan.
O`zbekiston va Qoraqalpog`istonda ulug` shoir Berdaq tavalludlari keng nishonlandi .Toshkent shahridagi hiyabonlardan biriga Berdaq nomi berildi va byusti o`rnatildi. Shoir tugilgan joy — Bo`zatovda ham byusti o`rnatilgan (1998). Nukus shahrida Berdaq haykali qo`yilgan, musiqali drama teatri, ko`cha va maktabga Berdaq nomi berilgan. Shoir she'rlarining aksari san'atkorlar tomonidan kuylab kelinmaqda.
Jumladan “Kerak” she'rini olsak,
Shoxida bulbul sayragan,
Bog`lari gul-gul chaman,
Kun nurlari yarashgan,
Yorug` dunyo kerak menga.
Belini mahkam bog`lagan,
O`zini jangga shaylagan,
Elu yurtni o`ylagan-
El g`amxo`ri kerak menga.
She'rni o`qir ekanmiz, ularda ilgari surilgan mavzu bugungi kundagi bizning baxtiyor kunlarimiz, ozod va obod, farovon hayotimiz ekanligini his qilamiz. Bobolarimiz orzu qilgan hayot bizga nasib qilgan.
Yigit bo`lsang arslon kabi tug`ilgan,
Tanbal bo`lmay xizmat etgil xalq uchun,
Yigit bo`lsang arslon kabi tug`ilgan,
O`zni demay,g`amxo`rlik qil xalq uhun
Mard yigitni agar sevsa elati,
Kundan-kunga ortar uning qimmati,
Ortida qoladi yigit shuhrati,
Shuning uchun xizmat etar xalq uchin.
Shoirning ushbu she'ri har bir o`quvchi qalbiga chuqur xalqparvarlik tuyg`ysini jo`sh urdirish tabiiy. “Kim aytar?” she'ri insoniylik, odamiylik qiyofasini yo`qotayotganlar haqida shunday bitadi:
Otasidan yomon bo`lsa ,
Uni yaxshi deb kim aytur?
Aqlsiz va nodon bo`lsa,
Uni yaxshi deb kim aytar?
Odamni odam demasa,
Yaxshilik qadrini bilmasa,
Yig`lasang sira ko`rmasa,
Uni odam deb kim aytar?
Shoirning she'rlarini o`qir ekansiz hech bir izoh talabsiz, xalqona sodda va ravon ekanligiga guvoh bo`lasiz.
Chaqqon odim tashlab,mehnat etmasang,
Kun ko`rish qiyinroq bo`ldi bu zamon,
O`ylab-o`ylab maqsadingga etmasang,
Kun ko`rish qiyinroq bo`ldi bu zamon. (“Bu zamon she'ridan”).
Shoirning qarashlari bugungi tezkor davrimizda ham o`z qiymatini yo`qotmagan.
Sulton bo`lma yot elida,
Cho`pon bo`lgin o`z cho`lingda,
Chag`alay ham o`z ko`lida,
Uchmasa davroni bo`lmas.
Halq maqollarini eslatuvchi bu she'r misralari hozirda chet ellarda mo`may daromat topaman deb o`z vatanidan olisda uyrgan ayrim vatandoshlarimni eslatib,bizni ogohlikka da'vat qiladi.
Bo`ston ber, gullarning atri anqisin,
Oralasin, el sayr etib, chalqisin
Shoir bobomiz bizning kelajagimiz uchun haqdan tilagan tilaklari ijobat bo`lib biz baxtli hayot nashidasini surmoqdamiz.Tinch yurtimizda shoir orzu qilgan sayllar har kuni diyorda hukm surmoqda.
Gulandam AYTBAYeVA,
Qoraqalpog`iston Respublikasi Ho`jayli tumani 24-o`rta ta'lim maktabining ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Berdaq “Saylanma”. She'rlar va Doston. “G`ufur G`ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti”. Toshkent-1978.
2. “ Tan'lang`an shig`armalarie”, Nokis. 1956.
3. “Tanlangan she'rlar”, T., 1958;
4. Qurbonboev B, “Berdaq va o`zbek adabiyoti”, T., 1986.
5. “Ma'deniyat ha'm sport” gazetasi. 2007