x

Oliy ta'lim

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-mart kuni «Yashil makon» loyihasi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi. Fraksiya rahbari Alisher Qodirov partiya tashkilotlari va barcha darajadagi deputatlar «Yashil makon» loyihasi targ‘ibotida, joylarda loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarda faol bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng fraksiya a’zolari «Ma’muriy islohotlar doirasida ta’lim sohasida davlat boshqaruvi samarali tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.  

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jami 45 ming 602 ta ta’lim tashkilotlari (231 ta oliy ta’lim, 715 ta professional ta’lim, 93 ta akademik litsey, 10 ming 621 ta maktab, 33 ming 942 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti) mavjud bo‘lib, ularda 600 ming 199 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tugatilgani tufayli uning vazifa va funksiyalari tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklariga berish nazarda tutilmoqda.  

Shuningdek, moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlariga pedagogik kadrlarni ta’lim tashkilotlariga ishga qabul qilish va ular faoliyatini baholash tartibini belgilash, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va nashr qilishni tashkil etish vakolatlari berilmoqda.  

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ta’lim sohasidagi vakolatli davlat organlari sonini qisqartirish hamda Vazirlar Mahkamasining ayrim vakolatlarini mazkur organlarga o‘tkazish, ta’lim tashkilotlarini boshqaruvchi institutsional tuzilmalar vakolatlarini aniq belgilash, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish hamda ta’lim sifatini monitoring qilish va ta’minlash bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni belgilashga xizmat qiladi.  

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.  

To Top ↑
To Top ↑