Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” DP MK raisi Alisher Qodirov oʻgʻil bolalarni toʻlovlarsiz, bir yillik majburiy harbiy xizmatga jalb qilishga chaqirdi.
“Maktabda oʻqituvchida erkinlik, oʻquvchida intizom boʻlishi shart. 124 ming oʻquvchi sababsiz maktabga kelmagan. 3 ming nafar ota-ona MJTKning 47-moddasi bilan jarimaga tortilgan. Bu jazo shikoyat boʻlmagani uchun deyarli qoʻllanmagan. Maktabni ham tushunish kerak — bolani oʻqitsinmi, ota-onasi bilan tortishsinmi…
Gʻarb yoʻqotilgan avlod oila va taʼlimda qadriyatlarni rad etish natijasi ekanini tan olmoqda. Tarbiya masalasida keskin qarorlardan qochmaslik kerak.
Maktabni tugatgan, oʻqishga kirganlardan tashqari barcha oʻgʻil bolalarni toʻlovlarsiz, bir yillik majburiy harbiy xizmatga jalb qilish lozim. Tartib va masʼuliyatni maktab va harbiy xizmatda oʻrgatmasak, qamoqxonada hech qachon oʻrgatib boʻlmaydi.
Oʻzbekistonni erkinlikni hadsizlik deb biladigan, atlas kostyum xunasalar emas, oʻz qadrini biladigan, tafakkur qiladigan oʻgʻil-qizlar rivojlantiradi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda bogʻcha va maktab milliy xavfsizlik masalasiga aylangan. Uni nafaqat Milliy gvardiya, balki, butun jamiyat qoʻriqlashi kerak!” — dedi Alisher Qodirov.