x

AOKAda 14-fevral kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Milliy gvardiya mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbirdan soʻng intervyu bergan vazirlik rasmiysi muntazam ravishda maktabga bormayotgan oʻquvchilar, buning sabablari va ota-onalarga nisbatan qoʻllanayotgan choralar haqida gapirdi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Azamat Kamolovning aytishicha, baʼzi ota-onalar farzandini xorijga olib chiqib ketishi yoki ularni nazoratsiz qoldirishi oqibatida maktabga muttasil bormaydigan oʻquvchilar qatlami shakllangan.

“Oʻzbekistonda umumiy oʻrta taʼlim majburiy taʼlim hisoblanadi. Biz surunkali dars qoldiruvchi oʻquvchilar boʻyicha oʻrganishlar olib borganimizda ayrim ota-onalar „uch kunlik safar“, „davolanishga ketyapmiz“ degan turli sabablarni koʻrsatib, farzandini xorijga olib chiqib ketgan holatlar aniqlandi. Natijada bola surunkali ravishda maktabga kelmaydi. Aslida, ota-ona voyaga yetmagan, aniqrogʻi, maktab yoshidagi farzandini xorijga taʼtil vaqtida olib chiqishi va bundan maktab maʼmuriyatini xabardor qilishi kerak. „Oʻqib olim boʻlarmidi? Men bilan birga ishlab, oilamiz iqtisodiga koʻmaklashadi“ degan qarashlar bilan farzandini dars vaqtida maktabga emas, ishlashga jalb qilayotgan ota-onalar ham yoʻq emas. Shuningdek, ota-ona nazorat qilmasligi oqibatda uydagilarga „maktabga ketdim“, deb internet-kafe yoki boshqa koʻngilochar joylarda vaqt oʻtkazadigan oʻquvchilar borligi ham aniqlanmoqda. Mana shu kabi jarayonlarda oʻquvchilarni taʼlimga qaytarish, oilalar va ota-onalar bilan ishlash bevosita inspektor-psixologlar (Milliy gvardiyaning maktablarga biriktirilgan xodimlari nazarda tutilmoqda — tahr.)ning zimmasiga yuklatilgan”, — dedi u.

Vazirlik vakili “Taʼlim sifatidan qoniqmay, maktabga emas, repetitorga borayotgan yoki sinfxonalar sovuqligi, yoʻllarning abgor ahvoldaligi sabab darslarda ishtirok etmayotgan oʻquvchilar boʻyicha ham tahlillar mavjudmi?” degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Kuzatuv tahlillarimizga koʻra, repetitorga, asosan, 10−11-sinf oʻquvchilari xorijiy tillarni oʻrganish yoki oliy oʻquv yurtiga kirishda boʻladigan test sinovlariga doir fanlardan tayyorlanishga boryapti. Toʻgʻri, oʻquvchilarning maktabga muntazam kelishi, davomatning yaxshi boʻlishi taʼlim sifatiga va jozibadorlikka ham bogʻliq. Bugungi kunda taʼlim sifatini yaxshilash borasida ishlar qilinmoqda. Maktablarda ham ingliz tili darslari oʻtilyapti. Lekin oʻquvchi ota-onaning mablagʻini olib, oʻquv markaziga borib, qoʻshimcha oʻrganyapti. Mana shu kabi muammolarni hal qilish uchun oʻtgan yili 500 nafar xorijiy til mutaxassislari chet eldan olib kelindi. Ular Respublika boʻylab turli maktablarda xorijiy tilni oʻqitmoqda, barchasining yashash joyi, maoshi davlat tomonidan qoplanmoqda. 2024−2025 oʻquv yilidan boshlab chet tilini oʻrgatish uchun xorijdan yana 1,5 ming nafar malakali mutaxassis olib kelinadi. Bu esa oʻquvchilarning oʻquv markazlariga borishining oldini oladi. Davlat maktablarda umumiy oʻrta taʼlim uchun hammaga teng sharoitni yaratdi. Ayrim ijtimoiy muammolar, albatta, mahalliy hokimliklar koʻmagida hal boʻladi. Bu masalalar sababli oʻquvchi darsga kelmasa, inobatga olinadi”, — dedi vazirlik boshqarma boshligʻi.

Azamat Kamolovning taʼkidlashicha, oxirgi tahlillarga koʻra, 6 million oʻquvchidan 14 ming nafardan ziyodi muttasil ravishda darsga kelmayotgani aniqlangan.

“Ularning har biri boʻyicha MFY raisi, „mahalla yettiligi“ va inspektor-psixologlar bilan hamkorlikda oʻrganishlar olib borilmoqda va taʼlimga qaytarish choralari koʻrilmoqda. Natijada 9 mingdan ortigʻi taʼlimga qaytarildi. Ayni paytda 5 ming nafar oʻquvchi boʻyicha ham oʻrganish ishlari olib borilyapti”, — dedi vazirlik vakili.

Uning maʼlum qilishicha, 2023-yilda farzandi tarbiyasida masʼuliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortilgan.

“Oʻtgan yili farzandi tarbiyasida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan, yaʼni majburiy taʼlimga yubormagan, farzandi huquqbuzarlik sodir etgan va boshqa sabablarga koʻra 12 mingdan ortiq ota-onaga maʼmuriy jarima qoʻllandi. Bunday choralarni qoʻllash — eng oxirgi chora. Ungacha ota-onalar bir necha marta ogohlantiriladi, „mahalla yettiligi“, jamoatchilik hamkorligida tushuntirish ishlari olib boriladi. Misol uchun, „Farzand meniki, uni xohlasam maktabga joʻnataman, xohlamasam yubormayman“, „14 yoshga kirdi, bu menga yordamlashishi kerak, men bilan birga ishlab, oilaga daromad keltiradi“ deb qaraydigan ota-onalar ham bor. Yuqorida aytganimdek, ularga majburiy taʼlim boʻyicha tushuntirish ishlarini olib boramiz. Shunda ham tushunmasa, masʼuliyatini bajarmagani uchun taʼsir chorasi qoʻllanadi va oʻquvchining maktabga qaytarilishi taʼminlanadi”, — dedi Azamat Kamolov.

Oliy sud axborot xizmatiga koʻra, sudlar tomonidan 2024-yilning yanvar oyida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) 2-va 4-qismlari bilan 52 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning barchasiga jarima jazosi qoʻllangan.

To Top ↑
To Top ↑