Oliy ta'lim
Oʻzbekiston qonunchiligida pensiyalarni hisoblab chiqarishda eʼtiborga olinadigan ish haqi turlari belgilab qoʻyilgan. Bu haqda hauquqiy axborot kanalida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, oʻqish davrida toʻlangan stipendiya ham murojaat etuvchining xohishi bilan ish haqiga tenglashtirilishi mumkin.
Shu bilan birga, pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqiga:
- Sugʻurta badallari hisoblanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar (2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan davr uchun);
- Qonunchilikka muvofiq, mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar (2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun);
- Davlat ijtimoiy sugʻurtasiga taalluqli boʻlmagan shaxslarga pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga oʻxshash pul taʼminotining barcha turlari qoʻshiladi.
Yana quyidagilar pensiyalarni hisoblab chiqarishda eʼtiborga olinadigan ish haqi turlariga kiradi:
- Ish vaqtini hisobga olib boʻlmaydigan xodimlarning (yakka tartibdagi tadbirkor va u tomonidan yollangan xodimning, dehqon xoʻjaligi va oilaviy tadbirkorlik subyekti aʼzosining) pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqining miqdori;
- Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan sugʻurta badallarining miqdori (2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan davr uchun);
- Toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov miqdori (2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davr uchun);
- Toʻlangan ijtimoiy soliq miqdori (2020-yil 1-yanvardan).