Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) o`quvchilarning ta'limdagi ko`rsatkichlarini baholash bo`yicha xalqaro dastur — PISA`ning 2022 yilgi natijalarini e'lon qildi. Tadqiqotda 81 mamlakat va hududdan 690 mingdan ortiq 15 yoshli maktab o`quvchilari ishtirok etdi. Unda O`zbekiston, Kambodja, Sal'vador, Yamayka, Mongoliya va Falastin kabi ba'zi davlatlar birinchi marta ishtirok etdi.
2022 yilgi tadqiqotda asosiy e'tibor matematik savodxonlikka qaratildi. Tadqiqotga o`qish savodxonligi va tabiiy-ilmiy savodxonlik bo`yicha testlar ham kiritilgan. Ishtirokchi davlatlarning o`rtacha bali: matematik savodxonlik bo`yicha 472 ball, o`qish — 476 ball, tabiiy-ilmiy savodxonlik — 485 ball.
Mamlakatlar reytingi
Singapurlik o`quvchilar barcha yo`nalishlar bo`yicha eng yaxshi natijalarni ko`rsatdi: matematik savodxonlik bo`yicha 575 ball, o`qish savodxonligi bo`yicha 543 ball va tabiiy-ilmiy savodxonlik bo`yicha 561 ball. Umuman olganda, Janubi-Sharqiy Osiyo va Hitoy mintaqalari o`quvchilari tadqiqotda etakchilik qildi. Estoniya va Kanada ham barcha yo`nalishlar bo`yicha kuchli o`ntalikka kirdi.
Eng yaxshi natija ko`rsatgan 10 mamlakat:
Matematik savodxonlik |
O`qish savodxonligi |
Tabiiy-ilmiy savodxonlik |
|
1 | Singapur | Singapur | Singapur |
2 | Makao (Hitoy) | Irlandiya | Yaponiya |
3 | Taypey (Hitoy) | Yaponiya | Makao (Hitoy) |
4 | Gonkong (Hitoy) | Janubiy Koreya | Taypey (Hitoy) |
5 | Yaponiya | Taypey (Hitoy) | Janubiy Koreya |
6 | Janubiy Koreya | Estoniya | Estoniya |
7 | Estoniya | Makao (Hitoy) | Gonkong (Hitoy) |
8 | Shveytsariya | Kanada | Kanada |
9 | Kanada | AQSh | Finlyandiya |
10 | Niderlandiya | Yangi Zelandiya | Avstraliya |
23 ta mamlakatdagi maktab o`quvchilari matematika savodxonligi bo`yicha, 20 ta mamlakat maktab o`quvchilari o`qish savodxonligi bo`yicha, 24 ta mamlakat maktab o`quvchilari esa tabiiy-ilmiy savodxonlik bo`yicha o`rtachadan yuqori ball to`pladi.
Eng yomon natija qayd etgan 10 ta davlat:
Matematik savodxonlik |
O`qish savodxonligi |
Tabiiy-ilmiy savodxonlik |
|
72 | O`zbekiston | Shimoliy Makedoniya | Sal'vador |
73 | Iordaniya | Albaniya | Gvatemala |
74 | Panama | Dominikan respublikasi | Falastin |
75 | Kosovo | Falastin | Paragvay |
76 | Filippin | Filippin | Marokash |
77 | Gvatemala | Kosovo | Dominikan respublikasi |
78 | Sal'vador | Iordaniya | Kosovo |
79 | Dominikan respublikasi | Marokash | Filippin |
80 | Paragvay | O`zbekiston | O`zbekiston |
81 | Kambodja | Kambodja | Kambodja |
Tadqiqotda ishtirok etgan postsovet davlatlari orasida Latviya, Litva va Ukraina etakchilik qilmoqda (Rossiyaning keng miqyosdagi bosqini tufayli 27 ta hududdan 18 tasi qatnashgan). Umuman olganda, postsovet mamlakatlari quyidagi natijalarni ko`rsatdi (o`rin, ball):
Matematik savodxonlik | O`qish savodxonligi | Tabiiy-ilmiy savodxonlik |
21. Latviya (483 ball) | 27. Latviya (475) | 19. Latviya (494) |
24. Litva (475) | 32. Litva (472) | 29. Litva (484) |
41. Ukraina (441) | 46. Ukraina (428) | 39. Ukraina (450) |
46. Qozog`iston (425) | 51. Moldova (411) | 49. Qozog`iston (423) |
50. Moldova (414) | 61. Qozog`iston (386) | 51. Moldova (417) |
56. Ozarbayjon (Boku) (397) | 67. Gruziya (374) | 66. Gruziya (384) |
60. Gruziya (390) | 69. Ozarbayjon (Boku) (365) | 68. Ozarbayjon (Boku) (380) |
Umuman olganda, PISA`ning avvalgi tadqiqotlarida qatnashgan ko`plab mamlakatlarda ballar yomonlashgan. Matematika bo`yicha o`rtacha ball 15 ballga (yarim yillik o`qish davriga teng), o`qish bo`yicha esa 10 ballga (o`quv yilining to`rtdan uch qismiga teng) kamaydi. Tabiiy-ilmiy savodxonlik bo`yicha natijalarda katta o`zgarish kuzatilmadi. Mualliflarning xulosasiga ko`ra, buning sababi faqatgina pandemiya bilan bog`liq emas, chunki pasayish tendentsiyasi PISA`ning avvalgi tsikllarida ham kuzatilgan.
O`zbekistonning natijalari
Tadqiqotda O`zbekistondagi 202 maktabdan 7200 dan ortiq o`quvchi ishtirok etdi. Mamlakat har uch yo`nalish bo`yicha ham oxirgi o`ntalikdan joy oldi: matematik savodxonlik — 364 ball (tadqiqotda ishtirok etgan davlatlar ko`rsatgan o`rtacha natija 472 ball bo`ldi), o`qish savodxonligi — 336 ball (476 ball), tabiiy-ilmiy savodxonlik bo`yicha — 355 ball (485 ball). O`zbekiston Respublikasi Halq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasiga muvofiq, O`zbekiston 2030 yilgacha PISA natijalari bo`yicha top-30 davlat qatoriga kirishni rejalashtirmoqda.
Tadqiqot savodxonlikning har bir yo`nalishida malakani 6 ta darajada aniqlaydi, ulardan ikkinchisi oddiy kundalik muammolarni hal qilish uchun zarur bo`lgan bazaviy ko`nikmalar hisoblanadi.
- Matematik savodxonlik bo`yicha O`zbekiston maktablari o`quvchilarining atigi 14,4 foizi 2-darajaga, 4,2 foizi 3-darajaga va 0,7 foizi 4-darajagacha etib borgan. Qatnashganlar orasida matematikani 5 va 6-darajada biladigan o`zbekistonlik maktab o`quvchilari topilmadi.
- O`qish savodxonligi bo`yicha: o`quvchilarning atigi 12,2 foizi 2-darajaga, 1,8% — 3-darajaga va 0,1% — 4-darajaga erishdi.
- Tabiiy-ilmiy savodxonlik bo`yicha: 16,5% 2-darajaga, 2,2% 3-darajaga va 0,1% 4-darajaga etdi.
Umuman olganda, o`quvchilarning 60% dan ortig`i savodxonlikning uchta yo`nalishi (o`qish, matematika, tabiiy-ilmiy) bo`yicha minimal darajaga (2-daraja) ham erisha olmadi.
Singapur (487 ball), Yaponiya (450 ball) va Estoniya (427 ball) kabi mamlakatlarning eng kam ta'minlangan o`quvchilari (xalqaro o`lchovlar bo`yicha ijtimoiy-iqtisodiy maqomda eng yomon 20 foizlik) matematikadan O`zbekistonning eng farovon hayot kechirayotgan o`quvchilaridan (xalqaro standartlar bo`yicha ijtimoiy-iqtisodiy maqomda eng yaxshi 20 foizlik) yaxshiroq natijalarga erishdi (386 ball).
Genderlararo farq: O`g`il bolalar matematikadan, qizlar esa o`qishdan yaxshiroq ball to`plagan. Matematikada past natijalarga erishgan qizlar ulushi yuqoriroq (qizlar uchun 83% va o`g`il bolalar uchun 78%), o`qishda esa aksincha (qizlar uchun 84% va o`g`il bolalar uchun 88%). Natijalari minimal darajadan oshish bo`yicha har 10 nafar o`g`il bolaga 8 nafardan kamroq qiz to`g`ri keldi.
O`zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy farqlar matematika natijalariga kuchli ta'sir ko`rsatadigan davlatlar qatoriga kiradi. Badavlat oilalar farzandlari (ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bo`yicha eng yuqori 25 foizlik) ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bo`yicha eng quyi 25 foizlikdagi bolalardan 22 ball ko`proq to`pladi. Shu bilan bir qatorda, kam ta'minlangan oilalardagi bolalarning taxminan 20 foizi matematika bo`yicha top-25% natijaga erisha oldi.
Tadqiqot, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va matematika ballari o`rtasida kuchli bog`liqlikni aniqladi. Haftada bir marta yoki undan ko`proq oziq-ovqat sotib olmaslik akademik yutuqlarga salbiy ta'sir qiladi. Tadqiqotda ishtirok etgan o`zbekistonlik qatnashchilarning taxminan 30 foizi haftasiga kamida bir marta oziq-ovqat sotib ololmasligini aytgan.
Maktab hayoti:
- O`quvchilarning 18 foizi maktabda o`zini yolg`iz his qiladi, yana 18 foizi maktabga bog`liqligini his qilmaydi.
- O`quvchilarning 10 foizi hayotidan qoniqmaydi.
- O`quvchilarning deyarli yarmi maktabga borishda yoki maktab hududida o`zlarini xavfsiz his qilmaydi.
- 20−25% o`quvchi sinfda tartib-intizom bilan bog`liq muammolarni qayd etdi.
- Qizlarning 15 foizi va o`g`il bolalarning 19 foizi maktabda bulling qurboni bo`lgan.
Resurslar:
- O`zbekistonda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo`lgan har bir o`quvchiga o`n yillik ta'lim uchun taxminan 15 300 dollar (HQP — xarid qobiliyati pariteti) sarflanadi.
- Bolalarning 24 foizi o`qituvchilar etishmaydigan maktablarda o`qiydi.
- Bolalarning 28 foizi malakali o`qituvchilar bilan ta'minlashda muammosi bo`lgan maktablarda o`qiydi.
Tadqiqotdagi boshqa xulosalar
Ta'lim tizimining xususiyatlari (ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlar, ta'lim siyosati) IHTTga a'zo bo`lmagan mamlakatlarda o`quvchilarning matematika ko`rsatkichlariga eng ko`p ta'sir ko`rsatdi. IHTT a'zosi bo`lgan mamlakatlarda ta'lim tizimi xususiyatlarining ta'siri unchalik katta emas, chunki ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlar o`xshash. (O`zbekiston IHTT a'zosi emas).
Muayyan chegaragacha (o`n yillik o`qish uchun har bir o`quvchi uchun 75 000 dollargacha (HQP)) ta'lim xarajatlari va ta'lim yutuqlari o`rtasida ijobiy bog`liqlik mavjud: mamlakat ta'limga qancha ko`p mablag` sarflasa, natija shunchalik yaxshi bo`ladi.
Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ota-onalarning ta'lim darajasi va o`quvchilarning matematikadagi yutuqlari o`rtasida mustahkam bog`liqlik ham aniqlandi. Badavlat oilalarning bolalari yaxshiroq natija qayd etdi. 35−44 yoshdagi aholisi ko`proq oliy ma'lumotga ega bo`lgan mamlakatlar yaxshi natijalarni ko`rsatdi.
Bolalarni turli o`quv dasturlariga erta yo`naltiradigan mamlakatlarda bolaning ijtimoiy-iqtisodiy holati va ularning o`quv natijalari o`rtasidagi bog`liqlik chuqurlashdi.
Maktabgacha ta'lim olgan bolalar maktabda yaxshiroq o`qimoqda.
Yuqori natijalarga erishgan mamlakatlarda maktablar bolalarga uy vazifalarini bajarishlari uchun joy va bolalarga yordam berish uchun o`qituvchilar bilan ta'minlaydi.
Ota-onalarning farzandi ta'lim olishida ishtirok etishi, farzandlarining bilim olishiga qiziqishi bolalarning o`quv faoliyatiga ijobiy ta'sir ko`rsatadi.
Raqamli qurilmalardan o`quv maqsadlarida o`rtacha (kuniga bir soatgacha) foydalanish, shuningdek, ularni hordiq chiqarish uchun me'yorida ishlatish bolalarning o`quv faoliyatiga ijobiy ta'sir ko`rsatadi.
Manba: Gazeta.uz