Maktab yoshidagi bolalarni taʼlimga qamrab olish tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan maktablarga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida maktab pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) roʻyxatga olish orqali amalga oshiriladi.
Maktab rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
Maktablarning 1-sinfiga 6-7 yoshli bolalar qabul qilinadi.
Bolalarni maktablarning 1-sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan maktabga quyidagi hujjatlar topshiriladi:
- ota-onalar tomonidan maktab direktori nomiga ariza;
- ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi boʻyicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi koʻrsatilgan holda);
- bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
- bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma;
- bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
- Ota-onaning boshqa hududda yashashi (propiskaning yoʻqligi) bolani maktabga qabul qilishni rad etish uchun asos boʻlmaydi.
Bolalar umumiy maktablarning I sinfiga tayyorgarlik darajasidan qatʼi nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.