Samarqand viloyati Payariq shahrida 4-son maktabgacha taʼlim tashkiloti tabiiy gaz tarmog‘idan uzilib, ko‘mir bilan isitilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi xabar yuzasidan maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, Payariq tumanida 50 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularga joriy yilda jami 1290 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazilib berilgan. Tumandagi 23 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari prezidentning 16- fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 57-sonli qaroriga ko‘ra, tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilgan, ular orasida 4-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ham bor.
10-noyabr kunidan boshlab viloyatdagi barcha DMTTlarida issiqlik tizimi ishga tushirilgan. Tumandagi 4-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 3 dona issiqlik tizimi uchun qozon mavjud, qozonlar to‘liq ishga tushirilgan va ko‘mir mahsulotidan foydalanilmoqda. Ushbu tashkilotga kuz-qish mavsumi uchun jami 30,2 tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berilgan.
“Tumandagi barcha maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yetkazib berilgan ko‘mir mahsulotilar masʼul tashkilotlarning sifat sertifikatiga ega. Ko‘mir mahsulotlarini qabul qilib olgandan so‘ng, uni sifatli saqlash va javobgarlik tashkilot rahbari zimmasidadir”, — deyiladi xabarda.