Rus tili va adabiyoti fani o`qituvchisi shu tarzda o`quvchilarida motivatsiya uyg`otishga harakat qildi.
Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi 6-umumta'lim maktabi o`qituvchisi Yorqinoy Mamatisaqova a'lochi o`quvchilari uchun «Ustoz stipendiyasi»ni «joriy qildi». Bu haqda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 30 yildan buyon rus tili va adabiyoti fanidan o`quvchilarga saboq berib kelayotgan pedagog xorij tajribasini o`rganib, undan o`zi ta'lim beradigan 10-«B» sinfida foydalangan.
Jumladan, 1-chorak yakuni bo`yicha 4 nafar a'lochi o`quvchini aniqlab, ularga sinf rahbarligi uchun to`lanayotgan maoshidan «Ustoz stipendiyasi»ni bergan. Shuningdek, yana 12 nafar a'lochi o`quvchilarni taqdirlagan.
«II-chorakdan stipendiya olish uchun ko`p o`quvchilarim harakat qilmoqchi. Bir oyda sinf rahbarlik uchun oladigan maoshim o`quvilarimga ketsa ham ularni rag`batlantirishdan zavqlanaman. Boisi, bu stipendiyani joriy qilganimdan so`ng o`quvchilarimning ota-onasi qo`ng`iroq qilib, rahmat aytishdi. Farzandi uyga pul solingan konvertni ochmay olib borib, ota-onasiga berganini quvonch bilan gapirishdi. Oila davrasida ochilgan konvertni uy to`riga qo`yishibdi. O`quvchilarim ko`zidagi quvonch menga u olayotgan maoshimdan ko`ra ko`proq huzur berdi», dedi Yorqinoy Mamatisaqova bu haqda.
Habarda sinf rahbarligi uchun belgilangan maosh va «Ustoz stipendiyasi» miqdori qancha ekani haqida ma'lumot berilmagan.