Qonunchilik palatasiga ko`ra, 2020 yilda qabul qilingan qonunni “sohadagi islohotlar va bugungi kun talabidan kelib chiqib takomillashtirish” zarurati tug`ilgan.
Qonunchilik palatasi Kengashining qarori bilan, “Ta'lim to`g`risida”gi qonunni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo`yicha ishchi guruh tuzildi.
Qarorda qonunni “sohada olib borilayotgan islohotlar va bugungi kun talabidan kelib chiqib takomillashtirish” zarurati borligi aytiladi.
Guruh o`z takliflarini bir oylik muddatda, ta'lim to`g`risidagi milliy qonunchilikni va ilg`or xorijiy davlatlar tajribasini o`rgangan holda ishlab chiqishi va Qonunchilik palatasining Kengashiga taqdim etishi kerak.
28 nafar a'zodan iborat ishchi guruhga palata spikeri Nurdinjon Ismoilov raislik qiladi. Guruhdan parlament vakillari, hukumat rasmiylari va boshqalar o`rin olgan.
2023 yil aprel oyida Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilib, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining ta'lim mazmunini belgilovchi (ta'lim standartlari, o`quv dasturlari va darsliklarga oid) qator vakolatlari shu markazga o`tkazilgan edi. “Ta'lim to`g`risida”gi qonunda bu markaz ta'lim sohasidagi vakolatli davlat organlari qatorida aks etmagan. Qonun bundan 3 yil oldin – 2020 yil 24 sentyabrdan kuchga kirgan.