x

O`zbekistondagi davlat bog`chalarida bitta bola uchun qancha pul sarflanadi? Kundan kunga ehtiyoj ortib borayotgan maktabgacha ta'lim sohasidagi xarajatlarga e'tibor qaratamiz. Maktabgacha ta'lim agentligi mas'ullarining aytishicha, bir nafar bolaning bog`chaga kelish xarajati oyiga 500-600 ming so`mni tashkil qiladi. Ota-onalar to`laydigan “bog`cha puli” xarajatlarning bir qismini qoplab, asosiy mablag` byudjetdan yo`naltiriladi.

Maktabgacha ta'lim agentligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo`jayevaning aytishicha, 2017 yilgacha 700-800 ming bola maktabgacha ta'limga qamrab olingan bo`lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 2 mln 111 mingdan oshgan.

“Bu respublikadagi jami 2 mln 900 ming boladan 2 mln 111 ming nafari maktabgacha ta'lim bilan qamrab olindi degani”, — deydi u.

Bog`cha xarajatlariga to`xtaladigan bo`lsak, bugungi kunda Toshkent shahrida bir nafar bog`cha bolasiga o`rtacha bir kunlik xarajat 25 ming so`m bo`lib, bir oyda 500 ming-600 ming so`mni tashkil qiladi.

“Poytaxtda bitta bola uchun ota-ona to`laydigan badal puli – 276 ming so`m. Ota-ona to`lagan badaldan ko`ra bir bolaga ketadigan xarajat 2 barobar ko`proq. Ota-onalarning to`lovlari bog`cha bolalarini ovqatlantirishga sarflanadi, lekin bu ham hammasini qoplamaydi. Kuniga bitta bolaga ota-ona to`lovi 13-14 ming so`mni tashkil qilsa, qolgan qismi byudjetdan qoplab beriladi”, — deydi maktabgacha ta'lim agentligi boshqarma boshlig`i Zafar Husanov.

Uning ta'kidlashicha, maktabgacha ta'lim tashkilotlari byudjet tashkilotlari hisoblanganligi uchun ularni saqlab turish xarajatlari ham hammasi byudjet mablag`laridan qoplanadi. Masalan, maktabgacha ta'lim tashkilotida ishlaydigan xodimlarning ish haqi xarajatlari, bino-inshootlarni saqlash, kommunal to`lovlar kabi xarajatlar.

Ma'lum qilinishicha, 2023 yil uchun ajratilgan 11,8 trln so`m mablag`ning 5,2 trln so`mi ish haqiga, 1,7 trln so`mi esa oziq-ovqat xarajatlari uchun yo`naltirilgan.

Mas'ullar chekka hududlardagi davlat bog`chalariga ota-onalar to`laydigan badal pullari boshqa hududlardan bir necha barobar past etib belgilanganini ta'kidlaydi. 73ta iqtisodiy rivojlanishi past bo`lgan tumanlarda ota-onalarning badal to`lovlariga 50 foizgacha imtiyoz berilgan.

“Aytaylik, o`sha hududlarda 100 ming so`m badal puli belgilangan bo`lsa, 50 foizi 50 ming so`mni tashkil qiladi. Bola uchun qilinadigan xarajat respublikaning barcha hududlarida bir xil, lekin unda ota-onalarning ulushi kamayadi va qolgan qismini qoplash uchun byudjetga yuklama tushadi. Shunda bog`cha xarajatlarining 75-80 foizi byudjetdan to`lanadi, buning uchun respublika byudjetidan subsidiyalar ajratiladi”,  — deydi Zafar Husanov.

Agentlik bo`lim boshlig`i Bahodir G`anixo`jayev davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini jihozlash haqida gapirarkan, bu maqsadlar uchun har yili byudjetdan mablag`lar ajratilishini ta'kidlaydi.

“2023 yilda byudjetdan 123 mlrd mablag` ajratildi. Joylarga jihozlar, mebellar va boshqa 54 turdagi jihozlar etkazib beriladi. 2023 yilda 325ta DMTT jihozlanadi. Bolalarni majburiy bir yillik tayyorlash bo`yicha 370ta xona jihozlanishi rejalashtirilgan”, — deydi Nabixo`jayev.

Qo`shimcha qilinishicha, kam ta'minlangan oilalarning 171 mingdan ziyod farzandlari uchun ota-onalari badal pullarini to`lamaydi. Bundan tashqari, 2ta farzandi bog`chaga boradigan bo`lsa, ularga engillik sifatida 30 foizgacha imtiyoz berilgan. Bu ham 178 ming bolani tashkil qiladi.

Zafar Husanovga ko`ra, bugungi kunda 24 mingdan ziyod nodavlat oilaviy va davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog`chalar bo`lib, oilaviy nodavlat tashkilotlariga bolalarni ovqatlantirish, dori-darmon, yumshoq buyumlar va pedagoglarning oylik ish haqlari uchun davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi.

“Davlat xususiy sheriklik asosidagi bog`chalarga esa kommunal to`lovlar uchun kompensatsiya beriladi. Tabiiy gaz etkazib berilmagan bog`chalar uchun ham gaz etkazib berilgan joylardagi kabi bitta bola uchun sarflanadigan tabiiy gaz uchun kompensatsiya ajratiladi”.

Agentlik matbuot kotibi Mavluda Asqarxo`jayeva bugungi kunda “Aqlvoy avtobuslari” loyihasi faoliyat yuritayotgani, 73ta avtobus eng chekka ovullargacha etib borishini aytadi.

“Maktabgacha ta'limga qamralmagan, 3-7 yoshli bolalar avtobusga qamrab olingan. U erda ta'lim beradigan pedagoglar oliy ma'lumotli. Avtobusning o`zida hojatxonasi, bolalarning ta'lim-tarbiyasi uchun zarur jihozlar bor. Yoz-u qish qanday fasl bo`lmasin, avtobuslar bu yo`nalishga moslashtirilgan. Bolalarning bir martalik ovqatlanish tizimi ham joriy qilingan”, — deydi Asqarxo`jayeva.

To Top ↑
To Top ↑