x

«Bizning ishimiz – o`qish va o`qish, imkoni boricha ko`proq bilimga ega bo`lish uchun intilishdir, chunki jiddiy ijtimoiy yo`nalishlar – bilim bor erda, insoniyatning istiqbol baxti ham faqat bilimdadir».

A.ChYeHOV

Sarlavhadan ko`rinib turibdiki, bu gal biz ta'limda bilim va davomatning qanchalik ahamiyatliligi haqida so`z yuritmoqchimiz. Avvalo, O`zbekistonda ta'lim tizimi qanday? Kredit-modul' tizimi o`zini oqlayaptimi? Qachon to`laqonli bu tizimga o`tamiz? Bu kabi savollarga javob topib, tizimni qanchalik ish berayotganligini tahlil qilamiz. Ma'lumki, ta'lim tizimi – bu yagona va uzluksiz tizim bo`lib, ta'lim turlariga ko`ra quyidagilarga bo`linadi: maktabgacha ta'lim va tarbiya, umumiy o`rta va o`rta maxsus ta'lim, professional ta'lim, oliy ta'lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish. Mazkur turlarning barchasida mohiyatan, insonni jamiyatda savodxonligini oshirish, aqlan va ma'nan rivojlanishiga bosqichma-bosqich erishish ko`zlangan. Bu xususida Konstitutsiyamizda ham belgilab qo`yilgan. Ya'ni: «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir». (41-modda). Respublikamizda nechta maktab, institut va universitetlar bor va ushbu ta'lim muassasalarida taxminan qancha o`quvchilar tahsil olmoqda?

Ma'lumotlarga ko`ra, bugungi kunda respublikamizda jami 211 ta oliygoh faoliyat yuritayotgan bo`lib, ularda taxminan 1 mln. 200 ming nafar talaba tahsil olishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, ikkinchi va undan yuqori kursda 950 ming nafar, birinchi kursda 250 ming nafar talaba tahsil oladi. Talabalarga 39 533 nafar professor-o`qituvchi dars beradi. Oliygohlarning o`rtacha ilmiy salohiyati 39,8 foizni tashkil etadi. Hozirgi kungacha 116 ta davlat oliy ta'lim muassasalariga 193 761 nafar yosh 1-bosqichga qabul qilindi va yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrovi 42 foizga etkazildi. Magistraturada 105 ta davlat oliygohiga ajratilgan 17 128 ta qabul parametrlari doirasida 7 232 nafar yosh qabul qilindi. Bilamiz, xorijiy davlatlarda ta'lim olish tizimi bizdagi tizimdan farq qiladi. Buning sababi, ularda qattiq nazoratga olingan tartib bor, ya'ni barchasi kredit-modul' tizimiga to`laqonli ixtisoslashgan. Bu tizim Jahon standartlaridan o`tgan bo`lib, barchaning bilim olib, aqlan o`sishiga katta yordam ko`rsatib kelmoqda.

Shuni aytish joizki, bu asosan oliy ta'lim muassasalariga tegishlidir. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan «O`zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi»ga ko`ra, mamlakatdagi OTMlarning 85 foizi 2030 yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul' tizimiga o`tishi rejalashtirilgan.

Ho`sh, bu o`zi qanday tizim? Kredit-modul' tizimi bu – ta'limni tashkil etish jarayoni bo`lib, o`qitishning modul texnologiyalari jamlanmasi va kredit o`lchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Uni bir butunlikda olib borish serqirra hamda murakkab tizimli jarayon hisoblanadi. Kredit-modul' tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini ta'minlash, talabalar bilimini reyting asosida baholash.

Paydo bo`lish tarixi. Kredit ilk marotaba HVII va XIX asrlarda AQSh universitetlarida joriy etilgan bo`lib, o`quv jarayonlarini liberalizatsiya qilish, talabaning haftalik akademik yuklamasini belgilab berish maqsadida yaratilgan. 1869 yilda Garvard universiteti prezidenti, Amerika ta'limining taniqli arbobi Charl'z Uil'yam Eliot «kredit soati» tushunchasini iste'molga kiritadi. Shunday qilib, 1870-1880 yillarda kredit soatlari bilan o`lchanadigan tizim joriy qilinadi. Kredit tizimi bilan o`qish va o`quv dasturlarini o`zlashtirish talabalarga o`quv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish, uning sifatini nazorat qilish, ta'lim texnologiyalarini takomillashtirish uchun imkoniyat yaratib berdi. Kredit to`plash o`lchovining kiritilishi talabaga katta erkinlik berish bilan bir qatorda, kelajakda tanlagan sohasining raqobatbardosh mutaxassisi bo`lib etishishi uchun akademik jarayonni mustaqil rejalashtirish imkonini ham taqdim etdi. Ayni chog`da baholash tizimi va ta'lim texnologiyalarining takomillashishiga ham olib keldi. Bolon'ya deklaratsiyasida ko`zda tutilganidek, kredit-modul' tizimi aynan mustaqil ta'limga urg`u qaratgani holda, asosan, ikkita funktsiyani bajarishga xizmat qiladi: birinchisi, talabalar va o`qituvchilarning mobilligini, ya'ni bir oliy ta'lim muassasasidan boshqa OTMga to`siqlarsiz, erkin ravishda o`tishini (o`qishni yoki ishni ko`chirish)ni ta'minlaydi; ikkinchisi, talabaning tanlagan ta'lim yo`nalishi yoki mutaxassisligi bo`yicha barcha o`quv va ilmiy faoliyati uchun akademik yuklama – kredit aniq hisoblab boriladi. Kredit yig`indisi talabaning tanlagan dasturi bo`yicha nimani qancha o`zlashtirganligini namoyon etadi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi «Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim jarayonlarini tashkil etish bilan bog`liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori asosida «Oliy ta'lim muassasalarida o`quv jarayoniga kredit-modul' tizimini joriy etish tartibi to`g`risida»gi Nizom tasdiqlangan.

Ho`sh, bu borada O`zbekistonda ahvol qanday edi? Ma'lumki, bizda axborot manbai va turli xildagi xalqaro ma'lumotlar bazalariga kirish, ulardan foydalanish ma'lum darajada cheklanib qolgandi. Oqibatda oliy ta'limda professor-o`qituvchilarning asosiy diqqati axborotni qidirib topish, uni o`zlashtirish hamda dastlabki qayta ishlagandan so`ng talabalarga tarqatishga qaratildi. Ya'ni o`qituvchilar shunchaki axborotni qabul qiluvchi va uzatuvchi sub'ekt edi, xolos. Bunda talaba o`quv jarayonining ob'ekti sifatida axborotni qabul qiluvchi vazifasini bajarar, asosiy vaqtini auditoriyada ma'ruza mashg`ulotlarini tinglashga sarflar edi. Bugungi kunga kelib esa axborotlar olamidan bahramand bo`lishning tezlashgani, xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlarining kengaygani, globallashuv jarayonlari jadallashgani bois talabalarning mustaqil ta'limini rivojlantirish masalasi kun tartibiga ko`tarildi. Ta'lim yo`nalishlari va mutaxassisliklar o`quv rejalari esa mehnat bozori talabi bilan bog`lanmagan fanlar bilan to`ldirilar, asosan, professor-o`qituvchini ish bilan ta'minlash, unga auditoriya soatini chiqarib berish printsipi nuqtai nazaridan, shuningdek, kafedra mudirlarining o`zaro kelishgan holda fanlarni taqsimlash asosida shakllantirilar edi. Talabaga fanlarni hamda professor-o`qituvchilarni tanlash u yoqda tursin, zerikarli bo`lgan mashg`ulotlardan voz kechib, kutubxonada o`qib-o`rganishiga ham imkon berilmas edi.

Talabaning dars mashg`ulotlarini qoldirishiga jiddiy talafot sifatida qaralib, bir semestrda 30 soatdan oshsa ogohlantirish, 74 soatdan oshsa, talabalik safidan chiqarishgacha borilardi. Talabaga ushbu fan va o`qituvchi yoqadimi-yoqmaydimi, berilayotgan bilimlar alimsoqdan qolib ketganmi-ketmaganmi, auditoriyada o`tirishi shart edi! Hullas, an'anaviy tizimda talaba kelajakda qanday bilimlarni egallashi, qanday professor-o`qituvchilar dars berishi, yo`nalish profili, fanlarning qisqacha mazmuni bo`yicha hech qanday materiallar taqdim etilmasdi.

Barcha oliy ta'lim muassasalari to`laqonli bu tizimga o`tdimi? Yo`q albatta, hozir ham ayrim universitetlarda bu tartib o`zgarmaganiga guvoh bo`lib kelmoqdamiz. Bu esa talabalarning noroziligiga olib kelmoqda. Nima uchun bilimga emas, davomatga e'tibor kuchli? To`g`ri, davomatning yuqori bo`lishi ko`p talabaning bilim olishiga yaxshigina asos bo`la oladi, ammo darslar qiziqarli, kadrlar anchagina malakali bo`lsa va tizim yaxshi ishlasa o`z-o`zidan ta'lim ham, davomat ham yuqori bo`ladi. Shundagina, har bir talaba darsning tugashini daqiqa sanab emas, darsga qatnashib, qiziqib o`tkazadi. Bu kabi holatlarning ham yuz berishi yuqorida biz tushuntirib o`tgan tizimga o`tish jarayoniga yaxshi e'tibor qaratilmayotganidan dalolat beradi. Vaholanki, rivojlangan xorijiy davlatlarning barcha OTMda ta'lim yo`nalishi va mutaxassisliklar to`g`risidagi hamma ma'lumotlar, xususan, o`quv rejasida aks etgan fanlarning qisqacha sillabusi (fanning identifikatsiyasi, professor-o`qituvchi haqida ma'lumot, dars tavsifi, fanning maqsadi, o`rganish natijalari, o`qitish metodikasi, fanning rejalari, adabiyotlar, baholash metodikasi), fanlar kesimida dars mashg`ulotlarini olib boradigan professor-o`qituvchilar hamda ularning erishgan yutuqlari, mehnat bozorida mutaxassisga qo`yilgan qisqacha talablar, ya'ni qanday nazariy, amaliy bilim, ko`nikma va kasbiy malakaga ega bo`lishi bilan bog`liq ma'lumotlar universitetlarning rasmiy veb-saytida ochiq-oydin e'lon qilingan bo`ladi. Ayni paytda, ming afsuski, abituriyentlar universitetlarimiz saytlarida ushbu ma'lumotlarni topishga qiynalishadi. Bu bo`yicha ham madaniyatni shakllantirish vaqti esa allaqachon kelgan.

Biz O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida kredit-modul' tizimi qanday ishlayotgani borasida ma'lumot olish uchun universitetning Axborot xizmati va ommaviy kommunikatsiyalar yo`nalishi 3-bosqich talabasi Nozima SOATALIYeVA bilan suhbatlashdik.

– Universitetingizda tartib qanday? Baholash tizimi-chi?

– Bizda tartib quyidagicha: forma erkin, davomat qattiq nazoratga olingan, kreditmodul' tizimiga to`laqonli o`tilmagan. Baholash tizimiga to`xtaladigan bo`lsam, bizda asosan og`zaki nutqqa ko`proq e'tibor beriladi, chunki bu kelajakdagi kasbimizning asosiy omili hisoblanadi. Yozma shaklda ko`p ham ishlamaymiz. Asosan taqdimot qilib, ko`proq o`zimiz gapiramiz. Ma'ruzalar biz uchun qiziq o`tiladi. Biroq amaliy nazariyalarning ba'zilaridan umuman qoniqmaymiz. Ba'zi o`qituvchilarimiz haqiqatda bilimi yuqori professor-o`qituvchi bo`lsa-da, yosh hisobini olib qaraydigan bo`lsak anchagina eski metodda dars o`tishadi. Bu esa bizni zeriktirib qo`yadi. Hozirda 6 tacha fan o`tsak, atigi ikkita fanga qiziqishimiz baland. Buning asosiy sababi esa shu fanning o`qituvchilari kuchli metod asosida qiziqarli qilib tushuntirishida. Tizimga to`xtalsak, ustoz tanlash imkoni bor, deb aytilgan edi, ammo bunday bo`lmadi. Vaholanki, biz yana soniya sanab vaqt o`tkazishga majbur bo`lyapmiz. U ham bo`lsa, diplom olish uchun.

Odinaxon OMONJONOVA, O`zbekiston davlat konservatoriyasi Kompozitorlik va cholg`ulashtirish kafedrasi 4-bosqich talabasi:

– Bizda davomatga ham, bilimga ham qattiq e'tibor beriladi. Har bir talaba o`ziga ma'qul bo`lgan ustozni tanlab, yakka tartibda shug`ullanadi. Guruh bilan ma'ruzalarimizda ko`pi 10-12 bo`ladi.  Bundan tashqari, bizda talabalarni qiziqtirish degan fan hamda “Ustoz-shogird” an'anasi mavjud. Bu bizni bilim olishimizda anchagina qulaylik yaratib beradi. Biz yakka tartibda shug`ullanishga ko`nikib qolganimiz tufayli menga guruhlar bilan o`tilishi unchalik yoqmaydi. Agarda darsga kechiksak kiraverishda bizni ushlab qolishadi. Bu esa biroz noto`g`ri. Fikrimcha, bu ustozlarga hurmatsizlik bo`lmasligi va vaqtida kelishimiz uchun tashkil qilingan. Ammo hammamiz ham issiq jon, har doim ham vaqtida kela olmasligimiz mumkin. Kredit-modul' tizimi esa qoniqarli. Qisqa qilib aytadigan bo`lsam bilimga ham, davomatga ham birdek e'tibor qaratishadi.

Biz hali chet el standartlariga to`laqonli o`tolmadik. Ya'ni o`tish jarayonidamiz. Agarda biz bu natijaga erishsak, “Bilim muhimmi yoki davomatmi?” kabi savolga nuqta qo`ygan bo`lar edik. Bu esa yosh avlodning yanada savodli bo`lib, kamol topishiga asos bo`lar, shu bilan birga  kutubxonalarimizga ham talab ortar edi. Bu esa qaysidir ma'noda ma'naviy jihatdan yuksalishimiz, texnikaga bo`lgan qiziqishdan ko`ra kitobga bo`lgan mehrning o`sishiga zamin yaratadi.

Dilnura MAMASAFOYeVA tayyorladi.

Toshkent oqshomi

To Top ↑
To Top ↑