Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo`jaligi va xizmat ko`rsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) bo`yicha ta'lim olayotgan xotin-qizlarning to`liq davlat granti asosida ta'lim olish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Qizlarning kollejlar va texnikumlarda ta'lim olishi uchun davlat granti mablag`lari Respublika byudjetidan ajratiladi. Bunda tizimida kollej va texnikumlar bo`lgan vazirlik va idoralar byudjet mablag`larini taqsimlovchi sifatida ish yuritadi.
Kollej va texnikumlarga tegishli yo`nalishlar bo`yicha to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilingan qizlar 10-oktyabrga qadar o`quv muassasasi direktori nomiga davlat grantini olish uchun ariza bilan murojaat qiladi.
Arizalar kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kuni ichida ko`rib chiqiladi hamda oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar hududiy bo`linmalariga taqdim etiladi. Hududiy bo`linmalar har yili 15-oktyabrga qadar umumlashtirilgan ma'lumotlarni ko`rib chiqadi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.
Vazirlik har yili 20-oktyabrga qadar davlat granti asosida o`qish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar ro`yxatini o`z tizimida kollej va texnikumlar bo`lgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi. Vazirlik va idoralar qizlarning davlat granti asosida ta'lim olishlari uchun zarur mablag` ajratish yuzasidan 25-oktyabrga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablag`larni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.
Kollej va texnikumlar direktorlari 2023/2024-o`quv yilidan boshlab davlat granti asosida ta'lim oladigan xotin-qizlar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag`larning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 2023 yil 3-oktyabrdan kuchga kirdi.
O`zbekistonda 2023/2024-o`quv yili uchun OTMlarning bakalavriat ta'lim yo`nalishlariga kirish test sinovlari natijalariga ko`ra 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgandi. Test sinovi natijalariga ko`ra talabalikka tavsiya etilgan abituriyentning 52 foizi erkaklar, 48 foizi esa ayollar hissasiga to`g`ri kelgan.