O'rta-maxsus ta'lim
Joriy yilda O`zbekistondagi maktablarni cholg`u asboblari va sport jihozlari bilan ta'minlash uchun byudjetdan qariyb 122 milliard so`m ajratilgan. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Bugun, 27 sentyabr' kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasida “Respublika byudjetidan ajratiladigan mablag`lardan foydalanish hamda rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining 2023 yil uchinchi chorakdagi ijrosi to`g`risida”gi masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi axborot bergan.
Qayd etilishicha, 2023 yildan boshlab 10 ming 130 ta umumta'lim maktablarini 7 to`plamdagi milliy cholg`u asboblari hamda 6 nomdagi birlamchi sport jihozlari bilan ta'minlash xarajatlariga jami 121,9 milliard so`m mablag` ajratilgan bo`lib, jami 108,9 milliard so`mlik shartnoma imzolangan. Ushbu xaridlar bo`yicha 8 oy davomida jami 85,7 milliard so`m kassa xarajatlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, 2023/2024 o`quv yilida umumta'lim maktablarining 1-sinfiga kelishi rejalashtirilgan maktab yoshidagi 732 ming 960 nafar bolalar hamda kasalligi tufayli yakka tartibda uyida ta'lim oladigan 14 ming 897 nafar nogironligi bo`lgan bolalar uchun jami 12 nomdagi o`quv qurollari xaridi bo`yicha 142,7 milliard so`m mablag` rejalashtirilgan. Shundan 134,5 milliard so`mlik xaridlar amalga oshirilib, joylarga to`liq etkazib berilgan.
Shu bilan birga, umumiy o`rta ta'lim muassasalarida axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida 557 to`plamdagi komp'yuter jamlanmalari xaridi uchun 100 milliard so`m ajratilgan bo`lib, shundan 98,5 milliard so`mlik komp'yuter to`plamlari xarid qilingan.