Ichki va tashqi motivatsiyani tanlaymiz
Ichki motivatsiya haqida kamdan-kam bosh qotiramiz. Bizning samimiy xohish-istaklarimiz, holatimizni tushuntirish uchun birgina so`z etarli - "istayman". Bolalar o`zlariga yoqadigan guruhning qo`shig`ini bajonidil tinglashadi, o`z qo`llari bilan biror narsa yasashadi yoki sarguzasht romanlar o`qishadi, chunki ularga shunday qilish yoqadi.
Tashqi motivatsiya har xil bo`ladi - cho`ntak pullaridan tortib, to maktabdagi baholargacha. Buni bir gap bilan izohlash mumkin: "Mana bunday qilsang, buni qo`lga kiritasan".
Psixolog Alfi Kon "Mukofot bilan jazolash" kitobida nafaqat ota-onalarni, balki o`qituvchilarni ham turli imtiyozlarni qo`llashdan ogohlantiradi. Ba'zi ota-onalar farzandi yaxshi o`qishi uchun hayvonot bog`iga olib borishni va'da qilishadi, boshqalari qimmatbaho gadjetlarni xarid qilishadi va hatto pul ham berishadi. Muammo shundaki, bu usul ish bermaydi: o`quvchi shunday o`qishda davom etaveradi, boz ustiga, va'da qilingan narsaga erisha olmagani uchun yaqinlaridan xafa ham bo`ladi!
O`qituvchilar ko`rinishidan olijanob usullar bilan ishtiyoqni oshirishga harakat qilishadi: turli maqomlar (oyning eng yaxshi o`quvchisi) joriy qilishadi, yaxshi o`qiydiganlar uchun imtiyozlar yaratishadi. Ko`pincha shunday bo`ladi: oyning eng yaxshi o`quvchisi asosan bir o`quvchi bo`ladi, imtiyozlar esa odatda tarkibi o`zgarmaydigan o`quvchilar doirasiga beriladi. Qolgan o`quvchilar esa o`zlarini omadsizdek his qilishadi.
Nima uchun tashqi motivatsiyani oshirish ish bermaydi?
Biz "Mana bunday qilsang, buni qo`lga kiritasan", degan paytimizda bola dastlab va'dani ishtiyoq bilan qabul qiladi. Shu bilan birga, unda o`zini o`zi himoyalash instinkti ham ishga tushadi.
Bola muammoni hal qilishning ijodiy usulini emas, eng ishonchli va qisqa yo`lini izlay boshlaydi.
U o`ziga o`zi savol beradi: "Tavakkal qilib, nazorat ishini o`zim yozishimga ne hojat? Yaxshisi, a'lochilardan ko`chirib olaman, shunisi ishonchliroq". Qarabsizki, maqsadlar o`zgarishi ro`y beradi: bilim olish uchun o`qish emas, mukofot olish uchun o`qish.
Tashqi motivatsiya zo`r ishlashi mumkin, faqat ichkisi bilan birga. U o`z-o`zidan oldinga harakatlanmaydi, shunchaki "ishni uddalash", tezroq xohlagan narsasiga erishishga majbur qiladi.
O`qishga bo`lgan qiziqishga nima ta'sir qiladi?
Kon motivatsiyaga ta'sir ko`rsatuvchi uch omilni ajratadi:
1. Kichik yoshdagi bolalar o`qishga tayyor va ular buning uchun hech narsa talab qilishmaydi. Ularda ichki motivatsiya kuchli rivojlangan bo`ladi: ular o`zlariga qiziq bo`lgani uchun ham o`qib o`rganishadi.
2. Ichki motivatsiyani saqlab qola olgan bolalar samarali o`qishadi. Qolganlarni esa uddalay olmaydi deb hisoblashadi, biroq bunday emas. Ba'zi maktab o`quvchilari faqat past baho olishsa-da, boshqa sohalarda o`zlarini ijobiy namoyon etishadi. Masalan, sevimli xonandasining o`nlab qo`shiqlarini yoddan bilishadi (matematikada esa ko`paytirish jadvalini eslay olishmaydi). Yoki fantastikani berilib o`qishadi (klassikaga esa qo`l tekkzishmaydi). Ularga shu qiziq. Ichki motivatsiyaning mohiyati ham shundadir.
3. Imtiyozlar ichki motivatsiyani yo`qqa chiqaradi
Psixologlar Kerol Eyms va Kerol Duyek ota-onalar hamda o`qituvchilar qandaydir imtiyozga urg`u berishganda bolalarning qiziqishi darhol so`nishini aniqlashdi.
Nimadan boshlash kerak?
O`qishga motivatsiyani qaytarish — uzoq jarayon va buning muvaffaqiyati asosan ota-onaga bog`liq. Kattalar eng avvalo uch narsa haqida bosh qotirishlari kerak: mazmun, hamkorlik va tanlov erkinligi.
1. Mazmun. Bola talabimizni bajarmaganida biz uning xatti-harakatlariga ta'sir ko`rsatish usullarini qidiramiz. Yaxshisi, talabingiz qanchalik to`g`ri ekani haqida o`ylab ko`ring. Farzandingiz fizikadan faqat "4" va "5" olmasa, buning hech qanday qo`rqinchli joyi yo`q. Bolalar "shovqin qilmaslik" borasidagi talabimizni "quloqsiz" ekanliklari uchun emas, o`z yoshlarining psixologik xususiyatlari sababli rad etishadi.
2. Hamkorlik. Afsuski, bola bilan muloqot qilish kontekstida bu so`z ko`p ota-onalar uchun notanish. Biroq farzandlaringiz qancha katta bo`lganlari sari, ularni shuncha ko`p hamkorlikka jalb qilishingiz kerak. Muhokama qilish, tushuntirish berish, birga rejalar tuzish kerak. Bola bilan katta odamdek suhbatlashishga harakat qilib ko`ring. 15 yoshli bolaning kosmonavt bo`lish orzusiga bee'tibor bo`lish kerak emas. Nima uchun buning ilojsiz ekanini xotirjam o`tirib tushuntiring. Ehtimol, o`g`lingiz sizning so`zlaringiz orasidan o`sish uchun ichki motivatsiya topa olar.
3. Tanlov erkinligi. Bola o`zini jarayonning bir bo`lagidek his qilishi kerak, shunda u muammo echimini topishga mas'uliyat bilan yondashadi. Farzandingiz o`zini yomon tuta boshlasa, undan buning sabablarini so`rang. Siz "shundoq ham gap nimadaligini bilaman" deyishingiz mumkin, shunday bo`lsa-da, urinib ko`ring. Ehtimol, uning javobi sizni ajablantirar.
Ichki motivatsiyani izlaymiz
Bolaning ichki holatini to`g`irlash oson emas, shunga qaramay, bu yo`nalishdagi sa'y-harakatlar o`z mevasini berishi mumkin.
1. Farzandingizni qabul qilishni o`rganing. Masalan, qizingizning yangi imdji sizga yoqmasligi mumkin, lekin siz uni qabul qilishingiz kerak. Boshqacha aytganda, gap erkalatish emas, tushunish haqida bormoqda.
2. Samimiy suhbatlashing. Agar farzandingiz bilan qalban etarlicha yaqin bo`lsangiz, dastlab u bilan shunchaki suhbatlashing. Uning nimalarga qiziqishi hamda o`qishda qanday muammolar yuzaga kelayotgani haqida so`rang. Vaziyatdan chiqish yo`lini birga toping.
3. Bolaga hayotdagi maqsadi borasida bir to`xtamga kelishga yordam bering. Ko`pincha ichki motivatsiya bo`lmaydi, chunki bola bu formulalar, oxiri yo`q qoidalar va teoremalarning nima uchun kerakligini tushunmaydi. Farzandingiz maktabni tugatganidan keyin nima bilan shug`ullanishi istashi borasida bir to`xtamga kelishi muhim. Buni tushunishga ota-ona bilan uzoq suhbatlar, professional yo`nalish bo`yicha maslahatlar va o`smirlar uchun kitoblar yordam beradi.
4. O`quv jarayonini bolaning qiziqishlari ustiga quring. O`qishda bolaning samimiy qiziqishlari (ichki motivatsiyasi)ni maktabdagi darslar bilan birlashtirishga harakat qilish kerak. Bu jarayon individual va ota-onalar tomonidan katta e'tibor talab qiladi. Masalan, ingliz tilini sevimli filmingiz yordamida o`rganishingiz mumkin. Kompyuter o`yinlarini juda yaxshi ko`ruvchi o`smirni esa dasturlash va u bilan bog`liq bilimlar qiziqtirishi kerak.
Boladan ichki motivatsiyani tortib chiqarish — eng muhim vazifalardan biri. Zukko, dono, farzandining hayotiga samimiy qiziqadigan ota-ona uchun esa bu muammo emas.