O'rta-maxsus ta'lim
Joriy yilning 28-avgust kuni davlatimiz rahbari raisligida maktab ta'limidagi masalalarni muhokama qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida ta'lim sifatini oshirish maqsadida umumta'lim maktablarida Prezident va ixtisoslashgan maktablar o`quv dasturi, baholash tizimi joriy etilishi belgilangan edi.
2023-2024-o`quv yilidan Buxoro viloyatida ham 28 ta umumta'lim maktabi tanlanib, ularda yangi baholash tizimi tajriba-sinovdan o`tkazilmoqda. Bu jarayonga maktablarning 5-11-sinf o`quvchilari jalb etilgan.
Ushbu maktablarga viloyatda mavjud Prezident va ixtisoslashgan maktablar “tayanch maktab” sifatida biriktirilgan.
Mazkur baholash tizimining amaldagi tizimdan farqi — baholash jarayonlarida inson omilining minimallashtirilganida bo`lib, u o`quvchining bilimini ob'ektiv baholash hamda to`g`ri yo`naltirishga zamin yaratadi.
Buxoro shahridagi 23-IDUMda ham tajriba-sinov maktabi sifatida ayni paytda yangicha baholash tizimi joriy etilmoqda. Jarayonga jalb etilgan o`qituvchilar yangi tizimning afzalliklarini alohida e'tirof etib o`tishdi.
-An'anaviy baholashda o`quvchilar bilimi 5 balli sistemada baholanib, kunlik bahosi ko`proq choraklik bahosini chiqarishda asosiy rolni egallaydi va bu unchalik ham xolis baholashga kirmaydi, -dedi maktabning matematika o`qituvchisi Amrillo Saidov. -Chunki o`qituvchi bolalarni 5 balli tizimda nisbiy baholab keladi. Yangi baholash tizimi esa mezonlarga asoslangan bo`lib, bunda o`quvchining aniq qaysi bilimi, qaysi ko`nikmasi asosida baholanishi oldindan ishlab chiqilgan. Shu asosida ularning bilimi, olgan bilimini amaliyotga qo`llashi, mulohaza, mushohada qilish ko`nikmalari ham baholanadi.
-Yangicha tamoyilni o`z faoliyatida tatbiq etayotgan o`qituvchi sifatida shuni ayta olamanki, bu tizim o`quvchini baholashni odilona va shaffof tarzda amalga oshirish imkonini beradi,-deydi Vobkent tumanidagi 1-umumta'lim maktabi o`qituvchisi Feruza Jo`rayeva. – Tajriba-sinov jarayonlarini endigina boshlaganimizga qaramay, shu qisqa vaqt mobaynida nafaqat o`quvchilar va o`qituvchilarda, balki ota-onalarda ham mas'ullik hissi keskin oshganligini kuzatyapmiz. Bu maktab va oilaning bir maqsad yo`lida birlashishiga ham xizmat qilmoqda.
-Yangi baholash dasturi o`quvchilarni mustaqil ravishda ko`proq bilim olishga, izlanishga undaydi. Ular o`z bo`shliqlari ustida ishlashlari kerakligini hech qanday ortiqcha turtkilarsiz anglab boradilar, -deydi tajriba-sinov maktabi sifatida tanlangan Buxoro shahridagi 17-umumta'lim maktabining texnologiya fani o`qituvchisi Munis Adizova. -Albatta, bunda biz o`qituvchilardan yangi baholash tizimining mazmun-mohiyatini o`quvchilarga va ota-onalarga to`g`ri etkazgan holda, amaliyotga samarali tadbiq etish talab etiladi.