Oliy ta'lim
Asia-Plus nashri 2023-2024 o`quv yilida Markaziy Osiyo davlatlari talabalarining stipendiyalarini taqqoslab ko`rdi. Ma'lum bo`lishicha, eng ko`p stipendiyani qozog`istonlik talabalar oladi. Eng kamini qirg`izistonliklar.
Qozog`istonda maxsus stipendiyalar
Qozog`istonda talabalar o`z mutaxassisligidan kelib chiqib stipendiya olishadi.
Pedagogika va tibbiyot yo`nalishi talabalariga 67 200 tenge (145 dollar yoki 1,8 mln so`m) miqdoridagi stipendiyalar ajratiladi.
Texnik va kasbiy yo`nalishdagi talabalarga 32 681 tenge (70 dollar yoki 856 ming so`m) miqdorida stipendiya beriladi.
Qolgan talabalar 41 898 tenge (90 dollar yoki 1,1 mln so`m) miqdorida stipendiya oladi.
O`zbekistonda 3 turdagi stipendiya bor
O`zbekistonda talabalar yangi o`quv yilida uch turdagi: prezident, asosiy va shaxsiy stipendiyalarni olishi mumkin.
Prezident stipendiyasi miqdori qariyb 2,2 million so`mni (180 dollar) tashkil etadi. U a'lo baholarga o`qigan va faol talabalarga tanlov asosida beriladi.
Asosiy stipendiyani o`qish semestrida 30 foizdan kam «yaxshi» va «qoniqarli» baholarga ega bo`lgan talabalar oladi. Uning miqdori 621 ming so`mni (51 dollar) tashkil etadi.
Shaxsiy stipendiyalar mashhur shaxslar – Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Ulug`bek, Imom Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To`lepbergen Qayipbergenov, Ibrohim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomi bilan atalgan. Uning miqdori qariyb 1,5 million so`mni tashkil etadi va tanlov asosida beriladi.
Tojikistonda to`rt turdagi stipendiya bor
Tojikistonda stipendiya universitet va institutlarda byudjet asosida va kunduzgi bo`limda ta'lim olayotgan talabalarga beriladi. Tojikiston Ta'lim va fan vazirligi ma'lumotlariga ko`ra, talabalar 4 turdagi: oliy, o`rta va qoniqarli, shuningdek, prezident stipendiyasini oladi.
Prezident stipendiyasi Tojikistondagi eng oliy stipendiya bo`lib, mablag` prezident jamg`armasidan ajratiladi. U faqat a'lo baholarga o`qigan talabalarga beriladi. Uning miqdori 1130 somoniyni (103 dollar yoki 1,3 mln so`m) tashkil qiladi.
Oliy stipendiya semestrni «a'lo» baholar bilan tugatgan talabalarga beriladi va uning miqdori 448 somoniyni (41 dollar yoki 501 ming so`m) tashkil qiladi.
O`rtacha stipendiyani semestrni yaxshi va a'lo baholar bilan yakunlagan talabalar oladi. Uning miqdori 324 somoniyni (29 dollar yoki 355 ming so`m) tashkil qiladi.
Bir semestrda 20 foizgacha qoniqarli baho olgan talabalarga qoniqarli stipendiya beriladi. Ikki semestr ketma-ket o`qishni qoniqarli baholar bilan tugatgan taqdirda, bunday stipendiya berilmaydi. Uning miqdori 120 somoniyni (11 dollar yoki 135 ming so`m) tashkil qiladi.
Universitet va institutlarda kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarga stipendiya berilmaydi.
Qirg`izistonda stipendiyalar miqdori kam
Qirg`izistonda stipendiya to`lashning butunlay boshqacha tizimi mavjud. Ushbu mamlakat Ta'lim va fan vazirligi qaroriga ko`ra, a'lochi talabalarga 1600 qirg`iz so`mi (18 dollar yoki 220 ming so`m) miqdorida stipendiya ajratiladi.
Biroq abituriyentlarni pedagogik mutaxassisliklar bo`yicha o`qishga rag`batlantirish maqsadida yuqori miqdorda stipendiya ajratiladi. Hususan, bu yo`nalishda 1-kurs talabalariga 1000 qirg`iz so`mi (11 dollar yoki 134 ming so`m), 2-kurs talabalariga 2000 qirg`iz so`mi (22 dollar yoki 268 ming so`m), 3-kurs talabalariga 3000 so`m (33 dollar yoki 404 ming so`m) va 4-kurs talabalariga 4000 qirg`iz so`mi (44 dollar yoki 538 ming so`m) miqdorida stipendiya beriladi.
Qirg`izistonda prezidentlik stipendiyasi ham bor. U faol talabalarga, ammo yiliga bir marta, 50 ming qirg`iz so`mi (566 dollar yoki qariyb 7 mln so`m) miqdorida beriladi.