O'rta-maxsus ta'lim
Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Rossiyaning O`zbekistonda maktab qurish taklifi ijtimoiy tarmoqlarda noto`g`ri talqin qilinayotganini bildirdi .
«Bugun Moskva shahrida O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi Qo`shma komissiyaning 4-majlisida madaniy-gumanitar yo`nalishdagi hamkorlik bo`yicha bildirilgan muayyan taklif mohiyati noto`g`ri talqin qilinmoqda.
Davlatlar o`rtasidagi o`zaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga o`xshash ijtimoiy ob'ektlar qurish an'anasi jahon tajribasida mavjud. Bu o`zaro ijtimoiy yordam sifatida tasniflanadi» – deya yozgan Bosh vazir matbuot kotibi.
Uning aytishicha, davlatlar bir-birining hududida maktab qurishi jahon tajribasida bor va shunday maktab qurilsa ham, uning dasturi har tomonlama o`rganib chiqiladi.
«Shuni alohida qayd etish lozimki, xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan maktablarning ta'lim dasturlari dastlab soha mutaxassislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va an'analarimiz, tariximiz, amaldagi qonun hujjatlarimiz, mavjud ta'lim standartlarimiz nuqtai nazaridan chuqur o`rganib chiqiladi.
Agar qurib berilishi taklif etilayotgan maktab va uning dasturi yuqorida nazarda tutilgan talablarga mazmunan mos kelsa, ushbu ta'lim muassasasining faoliyat yuritishi uchun o`rnatilgan tartibda litsenziya beriladi», – degan Bekzod Hidoyatov.
Ma'lumot uchun, 18 sentyabr' kuni Moskva shahrida O`zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi Qo`shma komissiyaning 4-majlisi bo`lib o`tdi. Unda Rossiya o`zbek tomoni manfaatdor bo`lsa, O`zbekistonda Rossiya dasturlari bo`yicha rus tilida ta'lim beriladigan bir nechta maktablar qurishga tayyorligini ma'lum qilgan edi.