x

Farzandga tarbiya berish, avvalo, oiladan boshlanadi. Biroq bola tarbiyasida  maktabgacha ta'lim muassasalari ham muhim o`rin tutadi. Shuni hisobga olgan holda, dunyo bog`chalari haqida ma'lumot berib borishga harakat qilamiz. Dastlab rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiruvchi Germaniya bog`chalari xususida. Germaniyada  bolalarni  tarbiyalovchi turli xil muassasalar mavjud bo`lib, ular kun bo`yi yoki ma'lum vaqtgacha chegaralangan holda faoliyat yuritadi. Kun bo`yi tarbiyalanuvchi bolalar yasliga uch yoshdan boshlab qabul qilinadi. Germaniya G`arbiy hududining barcha joylarida ham bolalar bog`chalari mavjud emas va bunga sabab bolalar uchun bo`sh joy o`rinlari etishmasligi ekan. Shar­qiy qismida esa bu muammo  kam uchraydi. Kunduzgi sxema bo`yicha bolalar 4 soat, ba'zi joylarda ertalab 6 dan kechki 18 gacha bog`chada bo`ladilar. Germaniya maktabgacha ta'lim muassasalarining o`ziga xos xususiyatlari;

— Nemis bog`chalarida  aralash  guruhlar mavjud va bu  «Oilaviy» guruh deb ataladi. Ularda bolalar soni 15 nafardan oshmaydi. Yana bir sharti — 9 oylik chaqaloqlardan tortib, 3 yoshga to`lguncha bo`lgan guruhlarda bolalar soni  25 nafardan oshmasligi lozim.

— Ta'lim berish tarbiyachining majburiyatiga kirmaydi. Ular faqat bolakaylarni nazorat qilish, o`yinlar tashkil etish, ov­qatlantirish, sayr qildirishlari kerak, xolos. Pedagogning asosiy ishi  bu — bolalarni erkin, mustaqil bo`lishga o`rgatishdan iborat.

— Kun tartibi barcha shahar bog`chalarida dam olish (uyqu) soatining yo`qligi bilan ham farq qilishi mumkin. Buning ikki sababi bor. Birinchisi — joyning juda tanqisligi bo`lsa, ikkinchi sabab — ota-onalar bolalarining kechqurun ham tetik bo`lishlarini istamasligida. Chunki bolalarning uyquga yotish vaqti soat 19.30.

O`rnatilgan tartib bo`yicha nonushtani bolalar uylaridan olib keladilar. Ko`pchilik bog`chalarda hatto oshxona va oziq-ovqat saqlash xonalari yo`q. Ba'zilarida oshxona bor, lekin oshpaz yo`q. Bunday bog`chalarda ovqatni bog`cha opalarning o`zlari pishiradilar.

— Bog`cha hududidagi o`yin maydonchalari ham biznikidan ancha farq qiladi. O`zbekistonda bog`chalarning har bir guruhi uchun maydonchalar ajratilgan  va ularning atrofi yashil gul devorlar bilan o`ralgan bo`ladi. Germaniya bog`chalarida  maydonchalar umumiy bo`lib, ko`m-ko`k o`t, daraxtlar, butalar bilan qoplangan bo`ladi.

— Bolalar bog`chasi ishini tarbiyachi, bog`cha opalar va  mudirlar tashkil etadi. Boshqa davlatlardagi kabi xo`jalik ishlari bo`yicha mudir, kiyim-kechak uchun mas'ul kishi, uslubchi, musiqa o`qituvchisi, hamshira va vrachlar ushbu bog`chalarda mavjud emas.

Germaniyaning  Dyusseldorf shahrida noan'anaviy kontseptsiyaviy bog`chalar bor. Bu maktabgacha ta'lim muassasalari ham maxsus bog`chalarga bo`linadi.

Valdorf bolalar bog`chasi

Bu erda kompyuter o`yinlari, barbi qo`g`irchoqlarini o`ynash, bog`chaga elim o`yinchoqlarini olib kelish man etilgan. Tabiiy daraxt va tabiiy materiallar, tinchlantiruvchi rangdagi qog`ozlardan yasalgan o`yinchoqlarni o`ynash mumkin, xolos. Bu erda toza havo va erkin ijod uchun barcha sharoit mujassam.

O`rmondagi bolalar bog`chasi

Bu bog`chada bolakaylar ildizlar, barglar, qarag`ay g`uddasi bilan o`ynaydilar. O`t va daraxtlar orasida bolakaylar o`z uylaridagidek yurib, tabiatni sevishga o`rganadilar.

«Jismoniy tarbiya» bog`chasi

Bu bog`chada jismoniy tarbiya bilan shug`ullanish uchun ko`p vaqt ajratiladi. Nemis tilida Bevegung­skin der gayerten deb ataladi. Bu status tarbiyalanuvchilari sport bilan bevosita shug`ullanadigan bog`chalarga beriladi.

Ikki tilli bog`chalar

Til o`rganish muhim masala, lekin til o`rgatuvchi bog`chalar Dyusseldorfda juda kam: 2 ta frantsuz va 5 ta ingliz tilida tarbiya beruvchi bog`chalar bor. Endilikda Germaniyada rus-nemis bog`chalarini ochish rejalashtirilgan.

Durdona Botirova  tayyorlagan

To Top ↑
To Top ↑