x

Jizzaxda 19 yoshli yigit taqiqlangan diniy mazmundagi materialni Telegram orqali tarqatgani uchun aybdor deb topilib, unga nisbatan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi

Ma'lum qilinishicha, sudlanuvchi o`zining Redmi 9 rusumli telefoni orqali 2020 yilning mart oyidan buyon muntazam ravishda Telegram ijtimoiy tarmog`ida O`zbekiston Respublikasida faoliyati taqiqlangan turli aqidaparastlik g`oyalari yo`g`rilgan ma'lumotlar bilan tanishib borgan. Shundan so`ng 58 nafarga yaqin tanishlari va boshqa shaxslarni o`zining Telegram kanaliga qo`shib, unga diniy mazmundagi materiallarni joylashtirib, muhokama qilib kelgan.

Hukm o`qilishida jazoni og`irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagani hamda sudlanuvchining oilaviy holati inobatga olingan. 

“Sud majlisida so`roq qilinganida sudlanuvchi pushaymonligi, bu narsaning (taqiqlangan diniy material) mazmuniga tushunmagani, bilimi etmaganini ma'lum qildi. Shuningdek, uning oilaviy sharoiti, muqaddam sudlanmagani, qolaversa, mahallasidan kafolat xati bilan murojaat qilingani inobatga olinib, unga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi”, deydi sud'ya Iroda Muhammedova.

Yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Eslatib o`tamiz, Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanida Telegram’dagi guruhga nashid tarqatgan 20 yoshli yigit 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ayblanuvchi J.U.ga tegishli bo`lgan iPhone-X rusumli mobil aloqa vositasi xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda u o`zi foydalanayotgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o`zbek tilidagi “Shahid bo`lib ketsak rozi bo`lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da'vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidlarni 10 nafar a'zosi bo`lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatganligi aniqlangan. 

Shu yilning 8 may kuni chiqqan hukmga ko`ra, J.U. Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash)ni qo`llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

To Top ↑
To Top ↑