Ijtimoiy tarmoqlarda grant asosida tahsil olgan OTM bitiruvchilarining majburiy tartibda kamida 3 yil ishlab berish talabi bekor bo`lgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur talabning bekor bo`lganiga asos sifatida esa Prezidentning “Davlat oliy ta'lim muassasalariga o`qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to`g`risida”gi PQ-279-sonli qaroriga asosan bekor qilingan 2005 yil 2 iyundagi PQ-92-sonli qarori keltirilgan. Ushbu xabarlar bo`yicha Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi raddiya berdi.
Ma'lum qilinishicha, Prezidentning 2005 yil 2 iyundagi qarori 6-bandida Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash to`g`risida”gi nizomni ishlab chiqish yuklatilgan.
Mazkur topshiriqqa muvofiq 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qaror bilan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to`g`risida” nizom tasdiqlangan. Unda oliy ta'lim muassasalarini davlat granti asosida tahsil olib tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati belgilangan.
Vazirlikning bildirishicha, davlat rahbarining 2022 yil 15 iyundagi 279-son qarori 3-ilovasiga muvofiq Prezidentning ayrim qarorlari, jumladan, 2005 yil 2 iyundagi 92-son qarori o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblandi. Ammo mazkur qaror ijrosiga ko`ra ishlab chiqilib, tasdiqlangan Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to`g`risidagi nizom o`z kuchini yo`qotmagan.
Izohlanishicha, O`zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunining 46-moddasi birinchi qismiga ko`ra, “Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o`zgartishlar va (yoki) qo`shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo`lsa, yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to`laligicha qamrab olingan yoki amalda o`z huquqiy ahamiyatini yo`qotgan bo`lsa, lekin rasman o`z kuchini yo`qotgan deb topilmagan bo`lsa, o`z kuchini yo`qotgan deb topilishi lozim”.
“Shunga ko`ra, hozirga qadar nizomdagi tartiblar yangi huquqiy normalarga zid emas va ushbu nizomni o`z kuchini yo`qotgan deb topish bo`yicha qoida biror-bir normativ hujjatda ko`zda tutilmagan. Bundan ko`rinadiki, oliy ta'lim muassasalarini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati hozirgi kunda ham amal qiladi”, deyiladi xabarda.