Jahon yangiliklari
Farzand bu beg`uborlik, poklik va istiqbolli kelajak demakdir. Halqaro miqyosda qabul qilingan normaga ko`ra, 18 yoshgacha bo`lgan har qanday shaxs bola hisoblanadi. Uzoq yillardan beri ziddiyatlar tugamaydigan Falastin hududidagi Isroilning harbiy harakatlari natijasida ko`plab falastinlik bolalarning hayoti barbod bo`lmoqda.
Falastinlik bolalarning Isroil tomonidan o`ldirilishi yaqinda paydo bo`lgan holat emas. 2000 yilning 30 dekabr' sanasida G`azo sektorida 12 yoshli Muhammad al-Durraning o`ldirilishi ushbu qabihlikning dastlabki holatlaridan hisoblanadi.
Afsuski, o`tgan hafta 14 yoshli falastinlik bola Muhammad Rizq Shahodihning o`ldirilishi ham bu qirg`inning yakuni emas. Isroil falastinlik bolalarning o`limida aloqadorlik yuzasidan o`ziga xos noxush rekordga ega. Ma'lum bo`lishicha, 2000 yildan beri Isroil 2200 nafardan ortiq falastinlik bolalarni o`ldirgan. Birgina o`tgan yilning o`zida Isroil qamali ostidagi G`azo sektorida 61 nafar, G`arbiy sohilda esa 17 nafar bola o`ldirilgan. Achinarli jihati, ularning hech biri Isroilga xavf tug`dirmas edi...
Isroil harbiylari 2021 yil 23 sentyabr' kuni G`arbiy sohildagi Hevron shahrida 10 yoshli falastinlik bolani hibsga olmoqda. (Foto: Anadolu agentligi)
Ma'lumotlarga ko`ra, bugungi kunda Isroil qamoqxonalarida saqlanadigan falastinliklarning bir qismini 17 yoshgacha bo`lgan bolalar tashkil etadi.
O`tgan hafta o`ldirilgan 14 yoshli falastinlik bola dastlab isroillik askarlar tomonidan qo`rqitilib, boshqa tengdoshlari singari halok bo`lishi aytilib, o`qqa tutilgani ma'lum qilindi. Bu ham etmaganidek, Isroil zobitlari bolaga yordam ko`rsatishga kelgan tez yordamning ishiga ham halaqit bergan va bola halok bo`lgan.
Horij ommaviy axborot vositalarining qayd etishicha, bu Isroilning xalqaro qonun va konventsiyalarni oshkora mensimasligini ko`rsatmoqda. Bu jinoyatlarning naqadar shafqatsiz ekanligi mazkur hukumatni javobgarlikka tortish uchun etarli ekanligi ta'kidlanmoqda. Biroq, yuqorida aytilganidek, bu xunrezliklar birinchisi emas. Isroil hukumati avvalgi holatlar uchun javob bermaganidek, ko`pchilik navbatdagi holatlar ham dunyo hamjamiyatining e'tiborsizligiga duchor bo`lishini taxmin qilmoqda.
Aynan mana shu harakatlar orqali Isroil endi voyaga etayotgan falastinliklarni dahshatga solib, kelajakda ularga qarshi chiqishining oldini olmoqchi. Falastin erlariga bostirib kirgan Isroilning harakatlariga qarshi kurashmaydigan, ularga muammo tug`dirmaydigan avlod shakllanishini xohlashmoqda. Biroq bu to`g`ri qaror emas, albatta. Chunki aynan ushbu mamlakatdan jabr ko`rgan avlodning unga nisbatan nafrati yanada ortib, kelajakda ushbu ikki davlat o`rtasidagi nizolarning bundan ham jiddiylashishiga olib kelishi mumkin. Bu esa nafaqat Isroil va Falastin, balki dunyo hamjamiyati uchun ham og`riqli nuqtaga aylanadi.