06.11.2020 yildagi Prezident farmonida 2023 o`quv yilidan boshlab maktab, litsey va kasb-hunar ta'limi muassalari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplomga ilova)ga majburiy 11 yillik ta'limning so`nggi 6 yillik baholarining o`rtacha ko`rsatkichini kiritish va bu ko`rsatkichni OTMga kirish imtihonlarida inobatga olish belgilangan edi.
Huquqshunos, bloger Hushnudbek Hudoyberdiyev ushbu masalada o`z fikrlarini bildirdi: “Maktab, litsey va kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplomga ilova)ga majburiy 11 yillik ta'limning so`nggi 6 yillik baholarining o`rtacha ko`rsatkichi kiritiladi. Shunda o`rtacha ko`rsatkich 3, 4 yoki 5 baho chiqadi. Va mana shu baho test(ijodiy imtihon)da abituriyent to`plagan ballga qo`shiladi. Masalan, abituriyent 130 ball olsa, maktabda o`rtacha 4 bahoga o`qigan bo`lsa, jami 134 ball bo`ladi. 5 ga o`qigan bo`lsa, 135 ball bo`ladi.
Bu tartib joriy yilgi kirish imtihonlaridan boshlanishi kerak.
O`rtacha baho elektron bazaning o`zida bo`ladi, joriy yilgi bitiruvchilar onlayn hujjat topshirayotganda «Sizning o`rtacha bahongiz mana bunaqa» degan yozuv chiqadi, abituriyent uni tasdiqlashi kerak. Agar mabodo xatolik bo`lsa, unda bu xatoni to`g`rilatish uchun abituriyent test sinovlaridan oldin bir dunyo byurokratiya bilan kurashishga majbur bo`ladi. Ayni yoz oylarida, ta'lim tizimida hamma mehnat ta'tilida bo`lgan paytda kamida u eshikka borib, bu eshikka borib sarson bo`lishi kafolatlanadi.
O`zi umuman ushbu qaror so`nggi yillarda kirish imtihonlariga oid qabul qilingan eng yomon va eng noto`g`ri qaror bo`ldi, deyish mumkin. Sababi uzoqni o`ylanmasdan chiqarilgan qarorning muammoli tomonlari ko`p va haligacha bu muammolarga adolatli echim topilgani yo`q.
Masalan, birgina o`tgan yilda tugatgan abituriyentlarni masalasini olaylik. Misol uchun, 2006 yilda o`qishni tugatgan kimdir hujjat topshirdi. Uning o`rtacha bahosi tabiiyki hech qanaqa elektron bazada yo`q. Maktabdagi oxirgi 6 yillik baholarini topish, ularning har birini qo`shib chiqib, o`rtachasini chiqarish esa bu fantastika!
Agar avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlarga ball qo`shilmasdan, faqat yangi bitirganlarga ball qo`shilsa, bu qip-qizil A-DO-LAT-SIZ-LIK! Hukumat o`zi eplolmagan ish uchun (ya'ni barchaning bahosini elektronlashtirolmaganligidandirda) qaysidir abituriyentga qo`shimcha ball berib, qaysidir abituriyentning haqqiga xiyonat qilayotgan bo`ladi.
Bu muammolarning bittasi xolos. Hullas, qani, ko`ramiz, qabulda bu adolatsizlikni qanday hal qilishar ekan? Lekin haliyam bo`lsa, xatoni to`g`rilash uchun vaqt bor”,- deydi bloger o`zining telegram kanalida.