x

Mahalliy yangiliklar

Samarqand viloyati Samarqand shahrida ma'lum pul evaziga o`ziga ishonib topshirilgan murg`ak go`dakni muntazam ravishda kaltaklab kelgan enaga 5 yilga qamaldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum bo`lishicha, asli urgutlik 37 yoshli sudlanuvchi Samarqand shahrida o`zi bilan birga ijara uyda yashagan tanishining farzandiga enagalik qilishga kelishgan. Buning evaziga ijara pulining yarmini to`lashga kelishgan. Ona ishda bo`lganida bolasiga qarab turishni va'da qilgan sudlanuvchi dugonasiga bergan so`zining ustidan chiqmaydi. Sudlanuvchi hali voyaga etmagan bolaning sho`xliklarini ko`tara olmagan va uni urib-do`pposlab kelgan.

“Balki onasidagi alamimni undan olgim keldimi, balki farzandsizligim menga qarshi ta'sir qildimi, nega hammaga beradi, menga bermaydi, dedim. Hamma narsani o`yladim. Bir marta urdim, lekin yaxshigina urdim. Qo`lidan, qornidan chimchiladim, yuziga, dumbasiga urdim”, degan ayol sud zalida aybiga iqror bo`lib.

Sudlanuvchi aybini yashirish maqsadida bolani davolab berish evaziga 500 ming so`m berishini aytib, uni boshqa dugonasiga berib yuborgan. Ayol farzandi qiynalib nafas olayotganini ko`rgach, uni shifoxonaga olib borgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida bolaning chap yuz yonoq va burun sohalarida shilinma, ko`krak va ikkala qo`l-oyoqlarida jarohatlar aniqlangan.

Qovurg`alarining sinishi kabi jarohatlar hayot uchun o`ta xavfli bo`lgan tan jarohatlar, deya baholangan va u o`tmas jismlar ta'sirida etkazilgani ko`rsatilgan.

Sudlanuvchi ayol o`z aybini bo`yniga olib, agar dugonasining o`rnida bo`lganida u bu ishni qilgan kishini qamatish o`rniga o`ldirib yuborishini aytgan. Enaganing sodir etgan xatti-harakatlariga sud'ya tomonidan qonuniy baho berilib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

To Top ↑
To Top ↑