Mahalliy yangiliklar
Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, shaharning O`zbekiston ko`chasida yashovchi 1989 yilda tug`ilgan Sh.U. joriy yilning 1 aprel kuni soat 23:30 larda Bobur bog`idan voyaga etmagan qizni uyiga olib borib qo`yish bilan aldab, noma'lum manzildagi xonadonga olib borgan. Unga zo`rlik ishlatib, nomusiga tekkan. Sh.U.ning jinoyatga oid harakatlari Bobur bog`i va atrof ko`chalardagi kuzatuv kameralarida aks etgan. Shuningdek, hozirda jabrlanuvchining kiyimlari, badanidagi tan jarohatlari va zo`rlik alomatlari yuzasidan tegishli sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan.
Holat yuzasida Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat sodir etishda gumonlangan Sh.U.ni qo`lga olish maxsus tadbiri jarayonida oila a'zolari tomonidan xodimlarga faol qarshilik ko`rsatilishi oqibatida gumonlanuvchi yashirinishga muvaffaq bo`lgan.
Bundan tashqari, Sh.U. joriy yilning 27 mart kuni soat 12:30 larda Namangan shahar Yoshlar majmuasi yonidagi chorrahada velosipedda harakatlanib ketayotgan vaqtida ikki nafar yosh yigitlarni o`zining yo`lini to`sganini bahona qilib, ularni urib voqea joyidan yashiringan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko`ra, fuqarolarga o`rtacha og`ir tan jarohati va engil tan jarohati etkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan ham gumonlanuvchi Sh.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Ta'kidlanishicha, gumonlanuvchi epilepsiya kasalligi bilan bog`liq shaxsiyatning chuqur buzilishi, birlamchi generalizasiyalashgan talvasa xurujlari tashxisi bilan Namangan viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi 3-majburiy davolash bo`limida nazoratda turgan. U muqaddam Jinoyat kodeksining tegishli moddalaridagi bandlar bilan besh marotaba sudlangan.
“Suratdagi fuqaro ruhiy xastaligi hamda nihoyatda tajovuzkor ekanligini inobatga olib, uni uchratgan shaxslardan ehtiyot bo`lishlarini hamda darhol 102 qisqa raqamiga yoki yaqin atrofdagi huquq-tartibot organi xodimlariga xabar berishlarini so`raymiz”, deyiladi IIV xabarida.