Jahon yangiliklari
Isroil armiyasining hujumlari tufayli Gʻazo sektorining shimolidagi Al-Shifo kasalxonasini tark etishga majbur boʻlgan falastinlik Neziha Avad, toʻyib ovqatlanmaslik tufayli vazni 2 kgga tushib ketgan uch egizagi hayotidan xavotirda.
18-mart kuni Isroil armiyasi minglab bemor va koʻchirilgan aholi boshpana topgan Al-Shifo kasalxonasiga keng koʻlamli reyd oʻtkazdi. Reyd davomida Isroil kuchlari 800 dan ortiq odamni hibsga oldi va soʻroq qildi, 170 dan ortiq falastinlikni oʻldirdi.
Isroil hujumlari tufayli Gʻazo sektorining janubiga koʻchib oʻtishga majbur boʻlgan 44 yoshli falastinlik ayol uch egizaklari — Melek, Xidir va Mustafo uchun sut ham topa olmayotganini maʼlum qildi. Shuning uchun chaqaloqlar vazn yoʻqotishmoqda va ularning sogʻligʻida muammolar kuzatilmoqda.
Avadning taʼkidlashicha, u olti kun davomida Isroil armiyasi qurshovidagi Al-Shifo kasalxonasida juda ogʻir sharoitlarda boʻlgan. Soʻng, u bolalari bilan Gʻazo sektorining shimoliy qismidan janubga qarab ketgan.
“Uch egizagim va men toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekkanmiz, janubga koʻchib oʻtish uchun Gʻazo shahridagi Al-Shifo kasalxonasini tark etishga majbur boʻldik”, dedi falastinlik ayol.
Avadning soʻzlariga koʻra, u farzandlari bilan hozirda boshqa koʻchirilgan falastinliklar qatori chodirda.
“Farzandlarim sut va oziq-ovqat etishmasligi tufayli toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda va ular juda koʻp vazn yoʻqotishdi”, deb afsuslanadi Avad.
Uning qayd etishicha, uch egizak aslida 8 kg vaznda boʻlishi kerak, biroq ularning vazni 2 kg gacha tushib ketgan, bu ularning salomatligi uchun oʻta xavfli va sogʻliqni saqlash standartlariga javob bermaydi.
Avad uch egizaklarining hayotidan xavotirda ekanligini aytib, tez yordam soʻraydi.
Falastinlik ayol uch egizak qolishga majbur boʻlgan “chidab boʻlmas sharoitlar”ga eʼtibor qaratdi, shuningdek, ular tiklanishi uchun ularga oziq-ovqat va tibbiy yordam soʻradi.
Gʻazo sektorining shimolidagi yashash sharoiti tom maʼnoda “halokatli”.
Gʻazoning 2,3 million aholisi Isroilning havo, quruqlik va dengizdagi ommaviy bombardimonlari hamda blokada tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmon tanqisligidan aziyat chekmoqda. Mintaqada katta gumanitar falokat yuz bermoqda.
Minglab binolar, jumladan kasalxonalar, masjidlar va cherkovlar ham Isroilning havo va quruqlik hujumlari natijasida zarar koʻrgan yoki butunlay vayron boʻlgan.
2023-yil 7-oktabrdan beri Gʻazo sektoridagi Isroil hujumlari qurbonlari soni 32,4 ming kishidan oshdi, 74,7 mingdan ortiq kishi jarohat oldi.
Halok boʻlganlarning jasadlari hali ham vayron boʻlgan binolar ostida va yoʻl chetlarida qolmoqda. Tez yordam va fuqaro mudofaa guruhlari Isroil kuchlarining toʻsiqlari tufayli ularga yetib bora olmayapti.