Mahalliy yangiliklar
Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan qiz onasi vafot etganidan so‘ng singlisi otasi tomonidan zulmga uchrayotgani haqida murojaat bilan chiqdi. Bu haqda bugun, 27 mart kuni Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, 16 yoshli M.Sh 2018 yilda onasi vafot etganidan so‘ng, 14 yoshli singlisi N.Sh.ga nisbatan otasi N.R. turli uyatsiz-buzuq harakatlar, shilqimliklar qilib, bir necha yil davomida muttasil kaltaklab kelgani, turli haqoratlar bilan uning sha’ni, qadr-qimmatini poymol qilganini bildirgan.
Shu boisdan M.Sh. va N.Sh. bir necha marotaba uydan chiqib ketgan. Ularning buvisi N.L. esa nevaralari bedarak yo‘qolgani haqida IIOga ariza bilan murojaat qilgan. Shundan kelib chiqqan holda Qarshi shahar prokuraturasi voyaga yetmagan qizlarning otasi N.R.ning harakatlariga huquqiy baho berish uchun tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Hozirda voyaga yetmagan M.Sh. va N.Sh. lar ijtimoiy-huquqiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lganligi sababli, Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Voyaga yetmaganlarning ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan va ularga zaruriy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.