Belgorod shahri va Belgorod oblasti o‘tgan hafta boshidan buyon har kuni baravar o‘t ochish reaktiv qurilmalaridan o‘qqa tutilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, jami 19 kishi halok bo‘lgan. Seshanba kuni gubernator 9 ming bola evakuatsiya qilinishini, chorshanba kuni — maktablar muddatidan oldin ta’tilga chiqarilishini ma’lum qildi.
Belgorod shahri va oblast hududlarida kuniga bir necha bor havo hujumi haqida ogohlantirish beriladi va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushadi. Rossiya mudofaa vazirligi kuniga bir necha bor Ukraina tomonidan yo‘llangan raketa hujumlari qaytarilgani haqida ma’lumot tarqatadi, ammo ularning barchasi ham muvaffaqiyatli urib tushirilmayapti.
Hammayoqda snaryadlar portlamoqda, hududiy rasmiylar har kuni qurbonlar va vayrongarchiliklar to‘g‘risida xabar beradi, ijtimoiy tarmoqlarda yonib ketgan avtomashinalar, yong‘inlar, vayron bo‘lgan binolarning yangidan yangi suratlari va videolari tarqaladi.
Seshanba kuni Belgorod oblasti rahbariyati muntazam ravishda zarbaga uchrayotgan hududlardan 9 mingga yaqin bolani evakuatsiya qilish to‘g‘risida qarorga keldi. «Yedinaya Rossiya» partiyasining shahar kengashi prezidiumida region rahbari Vyacheslav Gladkov Belgorod oblastida bir hafta davomidagi zarbalar oqibatida 16 kishi halok bo‘lib, 98 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.
Chorshanba kungi zarbalar oqibatida Belgorod shahrida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralandi, chegaradagi Grayvoron shahri okrugida esa ikki kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan.
Belgorod shahri va oblastdagi vaziyat Rossiya pabliklaridagi asosiy mavzulardan biriga aylangan — bu resurslarda asosan norozilik so‘zlari bildirilmoqda va muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar deyarli yo‘q. «Belgorod, kun davomida to‘rtinchi bor o‘qqa tutilishi… Moskvadagilar raqs tushib bo‘lishi va ularga e’tibor qaratilishini kutishmoqda», — deya yozadi «Trinadsatiy» kanali muallifi, z-bloger Yegor Kuzenko.