Mahalliy yangiliklar
Avvalroq, Buxoroda maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus hamda yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabar qilingandi. Dastlab 1 nafar o'quvchining halok bo'lgani aytilgan bo'lsa, endilikda hodisa qurbonlari soni yana bir nafarga ko‘paydi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, yo‘l-transport hodisasi oqibatida shifoxonaga yotqizilgan, avtobusda bo‘lgan yo‘lovchilardan biri ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan kecha, 19-mart kuni vafot etgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalayotgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida avtobus haydovchisi ham shifoxonada vafot etgani haqidagi xabarlar asossiz ekanini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, avtobus haydovchisi tan jarohati bilan Buxoro shahar Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan bo‘lib, ayni kunlarda unga tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur YTH 18 mart kuni soat 10:30 lar atrofida Buxoro viloyatining Kogon tumani hududidan o‘tuvchi A-380b avtomobil yo‘lining 32-kilometri hamda 4R-69 avtomobil yo‘lining 6-kilometri kesishgan chorrahada sodir bo‘lgan. 1991 yilda tug‘ilgan haydovchi O.Sh. boshqaruvida bo‘lgan avtobus hamda 1984 yilda tug‘ilgan haydovchi M.M. boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomobili to‘qnashib ketgan.
Hodisa yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, darhol tergovga kirishilgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.