Jahon yangiliklari
Bolaning sogʻlom va bekam-koʻst voyaga yetishi uchun unga yangi kiyimlar, tagliklar, oziq-ovqat mahsulotlari va hokazolar sotib olinishi kerak. Bundan tashqari bola tugʻilishi bilan xarid qilinishi kerak boʻlgan ayrim narsalar ham bor. Masalan, beshik va hokazo. Umuman olganda farzand koʻrish yaxshi maʼnoda sizni xarajatlar olamiga uloqtiradi.
Ukrainada ayni mana shu masalalarni hisobga olgan holda har bir tugʻilgan chaqaloq uchun toʻlanadigan nafaqa miqdorini 10 barobar oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi taqdim etildi.
Agar qonun loyihasi maʼqullansa, ushbu nafaqa miqdori hozirgi 41 ming 280 Ukraina grivnasidan (1065 dollar) 384,5 ming grivnagacha (9920 dollar) oshirilishi mumkin. Tashabbuskorlarning fikricha, bu mamlakatda tugʻilish darajasini oshirishi mumkin, chunki soʻnggi marta tugʻish nafaqasi 2014-yilda oshirilgan.
Eʼtiborli jihati, ushbu nafaqa birinchi, ikkinchi, uchinchi farzand boʻlishidan qatʼi nazar toʻlab beriladi.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekistonda farzand koʻrganlik uchun beriladigan nafaqa (suyunchi puli) faqatgina birinchi farzand uchun beriladi. Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonda mazkur nafaqa miqdori 738,150 soʻmni tashkil etadi.