Jahon yangiliklari
2022-yilda dunyo boʻylab 5 yoshgacha oʻlayotgan bolalar soni rekord darajada past boʻldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotida maʼlum qilindi.
Unga koʻra, dunyo boʻylab besh yoshgacha vafot etayotgan bolalar soni 2022-yilda 4,9 millionni tashkil etib, tarixiy minimal darajaga tushgan. Tashkilotning hisob-kitoblariga koʻra, bu har olti soniyada bitta oʻlimga teng.
Hisobotda taʼkidlanishicha, bugungi kunda har qachongidan ham koʻproq bolalar omon qolmoqda. 2000-yildan beri dunyoda besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi darajasi 51 foizga kamaygan.
4,9 million oʻlimning deyarli yarmi bola tugʻilgandan keyingi birinchi oyda sodir boʻlgan, yana 2,6 million bola bir oydan besh yoshgacha boʻlgan vaqt oraligʻida vafot etgan. Ushbu oʻlimlarning aksariyati Janubiy Osiyo va Afrikaning Sahroi Kabirdan janubiy qismida sodir boʻlgan.
Bolalardagi bevaqt oʻlimning aksariyati erta tugʻilish, tugʻruq vaqtidagi asoratlar, pnevmoniya, diareya va bezgak kabi oldini olish yoki davolash mumkin boʻlgan sabablar tufayli sodir boʻlgan, deyiladi hisobotda.
“Bolalarning yashash joyi, ijtimoiy-iqtisodiy guruhi hamda beqaror va mojarolar taʼsir koʻrsatadigan muhitda yashashiga koʻra, omon qolish uchun noteng imkoniyatlar mavjud”, — deydi ekspertlar.
Shu bilan birga, BMTning taʼkidlashicha, daromadi past va oʻrta darajadan past boʻlgan bir qancha davlatlar birlamchi tibbiy yordamga yetarli mablagʻ ajratilsa, oʻsishga erishish mumkinligini koʻrsatgan. Xususan, Kambodja, Malavi, Mongoliya va Ruandada 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi 2000-yildan beri 75 foizdan koʻproqqa kamaygan.
“Erishilgan oʻsishga qaramay, millionlab oilalar hali ham har yili, koʻpincha tugʻilganidan keyingi birinchi kunlardayoq bolasini ayanchli tarzda yoʻqotishdan aziyat chekmoqda, — dedi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus. — Bolalarning qayerda tugʻilishi ularning yashashi yoki yashamasligini aniqlamasligi kerak. Har bir ayol va bolaning, jumladan, favqulodda vaziyatlarda va chekka hududlarda sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash muhim ahamiyatga ega”.
BMTning qayd etishicha, agar shoshilinch choralar koʻrilmasa, 59 davlat besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimini qisqartirish boʻyicha koʻzlangan maqsadga erisha olmaydi, 64 davlat esa yangi tugʻilgan chaqaloqlar oʻlimini qisqartirish boʻyicha maqsadni qoʻldan boy beradi. Bu 2030-yilga borib 35 million bola besh yoshga toʻlmasdan vafot etishini anglatadi, deydi ekspertlar. Ushbu oʻlimlar asosan Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika, Janubiy Osiyo hamda boshqa past va oʻrta daromadli mamlakatlarda yuz beradi.