Mahalliy yangiliklar
Andijon shahrida yashovchi fuqaro voyaga yetmagan farzandining maktabga olinmayotgani yuzasidan Ombudsmanga shikoyat bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, 4 nafar voyaga yetmagan farzandning onasi boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan T.M. kichik farzandini maktabga olib borganida, maktab maʼmuriyati tomonidan qabul qilinmagan.
Maʼlum boʻlishicha, murojaatchi turmush oʻrtogʻi vafotidan soʻng, ota uyiga (boshqa tumandagi) koʻchib kelgan. Maktab maʼmuriyati esa tumanda roʻyxatda boʻlmagani sababli, uning farzandini maktabga qabul qilishdan bosh tortgan.
“Murojaat nazoratga olinib, tegishli tashkilotlar koʻmagida murojaatchining farzandi mazkur maktabning 4-sinfiga qabul qilindi”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.
Maʼlumot uchun, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 50-moddasiga muvofiq, har kim taʼlim olish huquqiga ega, davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlashi, umumiy oʻrta taʼlim majburiyligi, maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta taʼlim davlat nazoratida ekanligi belgilangan.