Toshkent viloyatidagi maktabda o‘quvchilar o‘rtasidagi janjalni bartaraf etmoqchi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimiga jarohat yetkazildi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea 1 mart kuni soat 13:00 larda Toshkent viloyati Zangiota tumani «Bog‘ishamol» MFYdagi 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf o‘quvchilari maktab orqa taraf hovlisida o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib qolib, holatni bartaraf etishga kirishgan.
Shu vaqtda profilaktika inspektori ham yetib kelib Milliy gvardiya xodimi bilan birgalikda o‘quvchilarni tinchlantirishga uringanida ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.B. chaqiruvi bilan tashqaridan yetib kelgan akasi hamda uning ikki sherigi esa xodimlarning ogohlantirishiga qaramasdan, janjalga aralashgan. Taraflarning xatti-harakatlarini va qarshiliklarini to‘xtatish chorasini ko‘rgan Milliy gvardiya xodimiga shu joyda tan jarohati yetkazilgan.
Maktabdagi tashvish tugmasi orqali chaqirilgan hamda tezkorlik bilan yetib kelgan Qo‘riqlash tezkor guruhi tomonidan holat to‘liq bartaraf etilgan holda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilganlar qo‘lga olinib, tuman ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan.
Dastlabki surishtiruv ishlari davomida tashqaridan maktab hududiga kirib, janjalga aralashgan va xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan fuqaro ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.B.ning akasi Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli I.B. ekani aniqlangan.
Holat bo‘yicha Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219 moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, I.B. ushlangan. Unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinmoqda.
Shuningdek, ushbu holat yuzasidan jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash borasida ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.