Jahon yangiliklari
Rossiyaning bandlik agentliklari mamlakatda enagalarga bo'lgan talab keskin oshgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, enagalarga qo'yiladigan talablar (shartlar) ham bir muncha murakkablashgan: ayrim oilalar enagadan bolani maktabdan olib kelish, uy ishlarini bajarishni ham so'rashmoqda.
Qayd etilishicha, yil boshida hh.ru portalida 3,2 ming enaga ish izlab rezyume joylagan bo'lsa, portalda 8,3 mingta vakansiya e'lon qilingan. Ya'ni ushbu raqamlarga asosan, har bir enaga uchun 2-3 ta bo'sh ish o'rni mavjud ekani kelib chiqadi.
Avito Work va Avito Service boshqaruv direktori Artyom Kumpel enagalarga bo'lgan talabning ortishi bevosita aholi o'rtasida bandlikning oshib borayotganiga bog'liq ekanini ta'kidlagan.
Ma'lumot uchun: Rossiyada enagalarning o'rtacha ish haqi soatiga 250 rubldan (34 ming so'm) boshlanadi. Bu narx enaganing tajribasi va u ko'rsatadigan xizmatlar ro'yxatiga qarab oshib boradi. Statistikaga ko'ra, haftada 5 kun, 8-10 soatdan ishlaydigan enagalarning maoshi 100 ming rubldan boshlanadi. Bu taxminan 13,5 million so'mga teng.