Mahalliy yangiliklar
Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlgan va ayrim fanlardan dars beradigan pedagoglarning tarif stavkasiga 50 foiz miqdorida oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi.
Prezidentning “Oʻzbekiston – 2030 strategiyasini Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Unga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi.
Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼul etib Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi belgilanadi.