Mahalliy yangiliklar
Toshkentdagi 259-maktabda 6-sinf oʻquvchisi jismoniy tarbiya darsida koptok zarbi oqibatida vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
2023-yilning 6-oktyabr Yunusobod tumanidagi 259-sonli umumtaʼlim maktabida 4-soat jismoniy tarbiya darsida 2011-yilda tugʻilgan oʻquvchi bola koʻkrak qafasiga koptok tegishi natijasida hushini yoʻqotgan. Zudlik bilan oʻquvchi tumandagi 7-sonli klinik shifoxonasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan tez tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramay oʻquvchi M.S. vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan 19-fevral kuni JKning 116-moddasi (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi koʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil 10-fevral kuni ham aynan shu maktab hududida 3-cinf oʻquvchisi oʻlik holda topilgandi.