x

O‘zbekistonda eng kamida 68 nafar bolaning o‘limiga, 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgani aytilayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha bo'lib o'tgan sudda advokatlarning muzokara so‘zi tinglandi.

Sudning 14-fevral kuni davom etgan navbatdagi majlisida so‘z olgan advokatlardan biri Davron Ahmadov himoyasi ostidagi sudlanuvchilarning aybi yo‘qligini, ularga nisbatan oqlov hukmi chiqarilishi kerakligini ma’lum qildi. 

Sud tergovi davrida, shuningdek, o‘zim tomonimdan amalga oshirilgan izlanishlar va himoyam ostidagi sudlanuvchilarni himoya qilish paytidagi tadqiqotlarim davomida shunga ishonch hosil qildimki, bolalar o‘limi, ularning nogiron bo‘lib qolishiga “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplarining umuman aloqasi yo‘q. Tergov tomonidan ham bu narsa isbotlab berilmagan. Har qanday isbotlanmagan narsa sudlanuvchi foydasiga hal bo‘ladi, — deydi Quramax Medical MCHJ direktori, sudlanuvchi S.R.P.ning advokati Davron Ahmadov. 

Advokatning aytishicha, bola “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplaridan zaharlanib vafot etishi uchun, bir paytning o‘zida 100-200 ml miqdordagi toza etilenglikolni iste’mol qilishi kerak bo‘ladi. 

Ilmiy adabiyotlarda yosh bolalar bir paytning o‘zida 100 yoki 200 ml miqdordagi toza etilenglikolni iste’mol qilsa, katta odamlar esa 250-500 ml miqdordagi etilenglikolni ichsa, zaharlanishi mumkin deyilgan. Bizning holatimizda esa bolalarning birortasi 100 yoki 200 ml etilenglikolni birdaniga ichmagan. “Dok-1 Maks” siropi tarkibida 14 ga yaqin moddalar bor. Shuning ichida yordamchi modda sifatida etilenglikol ham bor. Farmkomitetning tekshirishicha, 10 ml sirop tarkibida 1,9 mg etilinglikol topilgan. Bu degani agar 2,5 ml sirop ichsa, ichida 0,05 mg etilenglikol bo‘ladi. Bu modda organizm tarkibiga tushib, ichak, buyrak va jigarni ishdan chiqarishga kuchi yetmaydi. Bolaning og‘zida qolib ketadi. Etilenglikol zaharli modda emas, zararli modda. Ilgari bu moddadan tibbiyotda foydalanilgan. Keyingi yillarda bu moddani ishlatmaslik tavsiya qilingan, — deydi advokat Davron Ahmadov. 

Advokatning bildirishicha, 68 nafar bola koronavirusning yangi shtamidan vafot etgan. 

68 nafar bola siropdan emas, koronavirusning yangi turi natijasida vafot etgan. 2022-yilda COVID’ning yangi turi paydo bo‘lib, u o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqarishi aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining protokoli ham chiqqan bo‘lib, unda COVID’ning yangi turini davolash ko‘rsatilgan. Protokolda COVID’ning yangi turi o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan kuzatilishi yozib qo‘yilgan. O‘lgan bolalarning asosiy qismi 2-3 yoshli bolalar bo‘lgan. Aynan shu yoshdagi bolalarda COVID’ga test olinmaydi. Bolalarda isitma chiqqan, yo‘talgan, qayt qilgan. Ota-onalar yo‘talning oldini olish uchun “Dok-1 Maks” beryapti. Bu esa bolaning yana ahvolini og‘irlashtirgan. Shu sabab bolalar vafot etgan. Bolalarda buyrak yetishmovchiligi nafaqat O‘zbekistonda, Qozog‘istonda ham kuzatilgan, — deydi advokat. 

Advokatning aniqlashtirishicha, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahridagi sud ekspertlari xulosasida ham o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bolalar COVID’ga chalingani haqida yozilgan.

To Top ↑
To Top ↑