O‘zbekistonda farzandlari maktab darslarini qoldirib kelayotgan ota-onalarga ogohlantirish xati yuborilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bunga munosabat bildirdi.
Ogohlantirish xatlarida ota-onalarga turli tartibdagi ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanishi aytib o‘tilgandi.
“Bundan ko‘zlangan maqsad darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar oila a’zolarining mas’uliyati va javobgarligini oshirishdan iborat”, — deydi Dilfuza Sobirova.
Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 5-fevral kuni o‘tkazilgan ijtimoiy sohadagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilgani aytib o‘tilgandi. Dilfuza Sobirovaning bildirishicha, inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan ko‘maklashish, muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat.
Shu maqsadda darslarga muntazam (uch o‘quv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan o‘quvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda ogohlantirish xati yuborilmoqda. Unda o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tilgan.
Jumladan, farzandlarini tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim olishiga to‘sqinlik qilish oqibatlari bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan qonuniy jazo choralari keltirib o‘tilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi konstitutsiyaning 77-moddasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekani; “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 51-moddasida voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolalarining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki boshlang‘ich professional ta’lim olishini ta’minlashi shart ekanligi keltirib o‘tilganini eslatdi.