“Maktabgacha va umumiy o‘rta taʼlim sohasi obyektlarini barpo etishda buyurtmachi xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.
2024–2026-yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Kompaniya maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajaradi.
Unga obyektlar uchun markazlashgan holda asosiy qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni (qurilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan mebel jihozlari va asbob-uskunalar bundan mustasno) xarid qilish huquqi beriladi.
Kompaniya obyektlarning sifatini muntazam nazorat qilib borish maqsadida hududlar kesimida har beshta obyektga kamida bitta texnik nazorat xodimini biriktiradi.
Kompaniyaga mahalliy va xorijiy boshqaruvchi, maslahatchilarni (PMC – Project Management Consultancy) tender (tanlov) savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflar orasidan tanlab olish va to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali jalb qilish huquqi beriladi.
Avvalroq loyihalashtirishni tartibga solish maqsadida Qurilish vazirligida Loyiha ofisi tuzilishi belgilangan edi.