Kuni kecha, mashhur ijtimoiy tarmoqlar rahbarlari AQSH Senati binosida norozi qatlam – ota-onalar va amaldorlar qarshisida tanqid toshlari ostida qoldi. Ushbu noroziliklarga sabab – yuqoridagi platformalarning yoshlar uchun ruhiy salomatlik xavfi, shuningdek, bolalarga nisbatan sodir bo’layotgan zo’ravonlik va ekspluatatsiyalardan himoya qila olmaganliklari uchun qattiq so’roq va noroziliklarga duch kelishdi.
Senatning sud-huquq qo’mitasi oldida davom etgan 4 soatlik “tuzlash” davomida dunyoda eng keng tarqalgan ijtimoiy tarmoqlar– Meta (Facebook, Instagram), X (Twitter), Discord, Snapchat, Tiktok rahbarlari qatnashdi. Norozilik yig’ilishining aosiy sababi yuqorida aytib o’tganimizdek bolalar bilan bog’liq tahdidlar, jinsiy va jismoniy zo’ravonliklar va shu kabi muammolardir. Mamlakat yoshlari kelajagi haqida qayg’urgan bir qancha katta amaldorlar, ulardan jabr chekkan ota-onalar dalil sifatida rasmlarni ko’rsatishdi, turli tahdidli va haqoratli so’zlar bilan qattiq so’roqlarga tutishdi.
Katta norozilik bosimi ostida qolgan “xo’jayinlar” tomonidan ushbu muammolarni tuzatish uchun ajratilgan mablag’lar, qilinayotgan sa’y-harakatlar haqida to’xtalib o’tildi.
Shu payt Instagram-Facebook va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan Meta kompaniyasi rahbari Mark Sukerberg jabrlangan oilalardan uzr so’radi.
“Sizning boshingizga tushgan hamma narsa uchun uzr so’rayman. Bu holat takrorlanmasligi zarur. Aynan shuning uchun ham biz juda katta sarmoya ajratdik” deya kechirim so’radi Sukerberg.
Eslatib o’tamiz, bir necha kun avval yuqoridagi ijtimoiy tarmoqlarning bolalar uchun xavfi tog’risida sahifalarimizga maqola joylagan edik.