Samarqand viloyatidagi maktablardan birining rahbari xodimi to‘yiga chaqirmagani uchun jazavaga tushib, unga qilingan har bir hurmatsizlik uchun o‘n hissa javob qaytarishini aytgani haqidagi audio ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Xabarda bildirilishicha, ovoz viloyatning Payariq tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabi direktoriga tegishli hisoblanadi. Va u maktab farroshi to‘yiga chaqirmagani uchun shunday gaplarni gapirgan.
Uyalmasdan menga javob beradi, “Gulhayo shu taklifnoma senga kelganda yetmay qoldi yoki dasturxonimdagi noz-ne’matimni sen yeb qo‘yasan, sen ko‘p ovqat yeysan, deb o‘yladim. Shu uchun seni aytmadim-da, uzr, qolgan xodimlaringni aytdim. Tartiblar esimdan chiqibdi, 2-maktab jamoasida ishlashim esimdan chiqibdi. Sen meni ko‘p “podderjka” qilib yubording, ishlayapmanmi, ishlamayapmanmi, menga qaramay qo‘yding, mening bor-yo‘g‘imni his qilmay qo‘yding. Men ishlamay, maza qilib, yuraverib, seni pisand qilmay qo‘ydim”, deb menga aytadi shu gapimdan keyin. Men eslatib qo‘yaman hali katta-katta yig‘ilishlarda, — deydi xodimi to‘yiga chaqirmaganidan gina qilgan maktab rahbari.
Maktab direktori ovozli xabar yo‘llab, to‘yga chaqirmagan xodimiga murojaat qilar ekan, “Hammani aytishga qurbingiz yetmasa, hech kimni aytmang, bitta imkoningiz bo‘lsa ham rahbarni ayting. Chunki siz ana shu yerdan rizqlanyapsiz. O‘sha elning boshi haqdor. U kishidan keyingi aytilganlar, rahbarga nisbatan hurmatsizlik qilganlar bo‘ladi. Bilmasangiz, bilib qo‘ying, madaniyatsizlik — bu. Rahbarga nisbatan eng katta hurmatsizlik. Shu jamoada ishlab turib, to‘y qilganda, eng orzu havasli kunida taklif qilmagan inson, bilmadim, nima degani bo‘ladi u”, — deydi ovoz egasi.
Muassasa rahbari jamoa uchun bitta taklifnoma bo‘lsa, shu ham rahbarga berilishi kerakligini uqtiradi.
Jamoa uchun bitta taklifnoma berish imkoniyatingiz bo‘lsa, u ham rahbarga berilishi kerak. Bu umumiy, madaniyatli insonlarning qonuniyati. Bilmasangiz eslatib qo‘yay. To‘y qilyapsizmi, bir parcha qog‘ozingizni rahbardan qizg‘andingizmi, dasturxoningizdagi ovqatni yeb qo‘yadi deb o‘yladingizmi, o‘sha rahbarning jamoasidagilarga ham teginmang. Boshqalarni ham rahbariga hurmatsizlik qilishga undamang. Yo‘l qo‘ymang. Ularda farosat bo‘lsa, aytadi. O‘v, rahbarni aytdingizmi, biz rahbar bormagan joyga, rahbar aytilmagan joyga qanday oyoq qo‘yib, boramiz deb aytadi. Farosati bo‘lmasa, ketaveradi, — deydi rahbar.
Maktab direktori gapini davom ettirar ekan, maktabga kelganidan boshlab, maktab jamoasining to‘yi, tadbirlari qanday bo‘lishini jamoaga o‘rgatganini bildiradi.
Bitta-ikkitangiz unutib qo‘ygan bo‘lsangiz, eslatib qo‘yay. Har qadamida rahbarning hissasi bor, lekin yaxshi kunida rahbarni to‘yiga aytmaydi. Aksincha, undan keyingi xodimlarni aytib, ichirib-ichirib, jo‘natib yuboradi. Bu nima degani? Men sizning rahbaringizman, siz meni hurmat qilishingiz kerak edi. Hurmat qilmasangiz, bu jamoada nima qilib yuribsiz degan savollarni beraman hali, — deydi xodimidan gina qilishda davom etgan rahbar.
Ovoz egasi boshliq borgan joyda fayz bo‘lishini aytadi.
Agar sizga shu jamoaning rahbarini, shu jamoa a’zosi bo‘lib, to‘yga aytish malol kelsa, bu jamoani chekkalab o‘ting. Umuman hech kimni aytmay, o‘z-o‘zingiz bilan xursandchilik qiling, — deydi u.
Maktab direktori unga qilingan hurmatsizlik uchun o‘n hissa javob qaytarishini aytadi.
Oyog‘i yerdan uzilayotganlar, mening borligimni unutayotganlar, eshitib qo‘ying, men nafas olar ekanman, menga qilingan har bir hurmatsizlikni unutmayman va hayotim davomida o‘n hissa qilib, javob qaytaraman. Yana qaytaraman, hayotim davomida javob qaytaraman. Har bir hurmatsizlikni miyamning eng to‘riga ismi, familiyasi, vaqti soati, vaziyati kunigacha o‘yib yozib qo‘yaman, — deydi u.
Audiodagi ovoz sohibi jamoa orasida uning marhamati bilan jon saqlab yurganlar borligini qo‘shimcha qilgan.
Mensiz ularning hech o‘rni yo‘q jamoada. Mana bu haqiqat. Aslida dastak bo‘lgan men, qo‘llab-quvvatlagan men, lekin bugungi kunda mening yuzimga oyoq bosilyapti. Bugun meni chekkalayapti. Men buni his qilyapman. Men sizlarga aytib qo‘yay, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Men siz o‘ylagan darajada mas’uma, bechora emasman. Judayam yosh, hech narsadan bexabar, faqat kechiradigan insonni tasavvur qilayotgan bo‘lsangiz, qattiq yanglishyapsiz, adashyapsiz. Men hammasining hisob-kitobini olib yuraman. Meni unutmang, men chora ko‘rishim mumkin. Vakolatim bor. Ko‘rib ham kelyapman. Maktab qorovulidan boshlab, mendan keyin kim turadi, o‘sha odamgacha taalluqli bu gaplar. Hayfsan berdim, misol uchun ertaga yana bitta xato qilasiz. Oylingizga jarima. Uchinchisida ishdan ketyapsiz, — deydi maktab direktori.