x

Surxondaryo viloyatida maktab uchun kutubxona va kasb-hunar markazi qurib bergan tadbirkor ayol “Ta’lim homiysi”, degan nomga munosib ko‘rildi.

Maktabga homiylik qilgan tadbirkor vazir Hilola Umarovaning ham e’tirofiga sazovor bo‘lgan. 

Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot kotibi Dildora Musayevaning ma’lumot berishicha, Sariosiyo tumanining “Sebzor” mahallasida yashovchi tadbirkor Mamlakat aya Fattoyeva 2022-yil hududdagi 82-maktabga 400 million so‘mga yaqin mablag‘ evaziga zamonaviy kutubxona qurib bergan. 

Tadbirkor ayol homiyligini davom ettirib, 2023-yilda shu maktab o‘quvchilari uchun kasb-hunarga o‘rgatish markazi ham qurib berdi. 2023-yilning 16-noyabr kuni viloyatda bo‘lgan maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova shu maktabga borib, Mamlakat aya Fattoyevaning maktab rivoji uchun qo‘shgan hissasini e’tirof etib, onaxonga o‘z minnatdorligini bildirgandi. Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan o‘qituvchilar qurultoyida Mamlakat aya Fattoyeva “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi, — deydi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, viloyatda bo‘lib o‘tgan o‘qituvchilar qurultoyida maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham ishtirok etgan. 

Tadbirda 2023-yil davomida viloyatda 250 dan ortiq maktab ta’mirlangani, hududdagi maktablarning moddiy-texnik bazasida katta o‘zgarish bo‘lgani ta’kidlangan.

Shundan so‘ng ta’lim-tarbiya tizimiga munosib hissa qo‘shgan pedagoglarning 7 nafariga “Xalq ta’limi a’lochisi”, bir nafariga “Xalq ta’limi fidoyisi”, yana bir nafariga “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishonlari topshirildi. 5 nafar o‘qituvchi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining faxriy yorliqlari, qolaversa Angor tumanidagi 1- hamda Boysun tumanidagi 2-umumta’lim maktablari jamoasi vazir tashakkurnomalari bilan taqdirlandi, — deydi Dildora Musayeva.

To Top ↑
To Top ↑