22 dekabr kuni tanlov va fan olimpiadalarida g‘alaba qozongan maktab o‘quvchilari Prezident Administratsiyasiga bordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Men ularga mamnuniyat bilan Administratsiya ish faoliyati haqida tushuncha berib, ekskursiya uyushtirdim. Bolalar aqlli va qiziquvchan. Ko‘ngli ochiq va to‘g‘riso‘z. Ular bizning kelajagimiz”, deydi Mirziyoyeva.
Shuningdek, Prezident yordamchisi ta’lim islohoti doirasida “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi o‘tkazilganini, unda 6885 ta maktab va 7–9-sinflarning 35 mingga yaqin o‘quvchilari ishtirok etganini qayd etgan.
Uning aytishicha, g‘olib jamoalar pul mukofotlariga ega bo‘lgan va 70 nafar finalchi 14 nafar o‘qituvchi hamrohligida Buyuk Britaniyada bo‘lib, u yerda bir hafta mobaynida nufuzli ingliz maktablarining o‘quvchilari sifatida dars va mashg‘ulotlarda qatnashgan. Shuningdek, ular London, Oksford va Kembrij shaharlari bilan ham tanishgan. O‘qituvchilar esa ingliz tilini o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lgan.