Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Chust tumanidagi maktab o‘qituvchisi ekanligi aytilgan erkak 4 nafar o‘quvchini saflantirib, kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi axborot xizmati ushbu holatga munosabat bildirib, videodagi voqea Chust tumanidagi maktablarda kuzatilmaganini ma'lum qildi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda Chust tumanida o’qituvchilar o’quvchilarni kaltaklayapti deya iddao qilingan videolavha yoritilgan edi. Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig’i boshchiligida tezkor ishchi guruhi tuzilib, o’rganildi. O’rganish jarayoniga ko’ra, videolavhada aks etgan vaziyat viloyatdagi hech qaysi umumiy o’rta ta’lim maktablarida bo’lmaganligi aniqlandi. Shu o’rinda, amaldagi qonunchilikka ko’ra, asossiz, tuhmat-bo’xtondan iborat xabar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanganligi ma’lum qilinadi", – deyiladi axborot xizmati xabarida.
Biroq Bolalar ombudsmani voqeaga yanada aniqlik kiritdi va holat Chust tumanida yuz berganini tasdiqladi.
Aniqlanishicha, 2023-yil 15-dekabr kuni Chust tumani "Guliston" MFY hududidagi 2-son kasb hunar-maktabi direktor o‘rinbosari A.N. dars vaqtida sababsiz o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmayotganligi vaji bilan maktab o'quvchilari 2007-yilda tug‘ilgan M.S., M.A. va 2006-yilda tug‘ilgan Yu.D., F.A larni kaltaklagan.
Ushbu holat yuzasidan Chust tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.