x

Bugun, 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Baku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan hamda Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKAP) ijrochi kotibi Armida Alisjabana, shuningdek, faxriy mehmonlar – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim Al-Budayviy qatnashdi.

O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjonning samarali raisligida SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidlagan.

Mirziyoyevning qayd etishicha, mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida o‘zining nihoyatda zarurligini yaqqol ko‘rsatgan.

Aytilishicha, dastur doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilingan.

“Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Vengriya bilan sanoat kooperatsiyasi va infratuzilma bo‘yicha yirik dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Qo‘shma investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘ydik. Chegara hududlarida zamonaviy savdo-logistika markazlari va maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda”, degan Prezident.

Hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, O‘zbekiston yetakchisi SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha qator amaliy tashabbuslarni ilgari surgan.

Dasturni iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida yanada ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish maqsadida sheriklikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, dasturning institutsional asoslarini mustahkamlash zarurligi qayd etilgan.

Shuningdek, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKAP ekspertlari bilan birgalikda “SPEKA–2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etilgan.

Mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish maqsadida Shavkat Mirziyoyev mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida jahondagi eng ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etishni nazarda tutadigan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsad muvofiqligini ta’kidlagan.

Mirziyoyevning fikricha, ushbu choralarning qabul qilinishi davlatlarning o‘zaro savdo aylanmasini 2030 yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish imkonini beradi.
Bundan tashqari, “Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SPEKAning Maqsadli jamg‘armasini kelgusi yilning o‘zida tashkil etish va uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etilgan.

“Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyor”, degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zaro bog‘liq transport yo‘laklarini rivojlantirish haqida so‘z yuritar ekan, Prezident Mirziyoyev Transkaspiy multimodal yo‘lagi doirasida ma’lumot almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni hayotga to‘liq tatbiq etish zarurligini ta’kidlagan.

To Top ↑
To Top ↑