x

Avvalroq, tarmoqlarda marhumaning eri videomurojaat yo`llagan edi. Toshkent viloyat SSB rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yangiyo`llik homilador ayolning shifoxonada vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Marhumaning eri videomurojaat yo`llab, hech qaysi shifokorlarga ishonmasligi bildirdi.

“13 noyabr' kuni soat 7:30 da shifoxonaga bordik. UTTga tushdi. UTTda hammasi yaxshi, og`riqlariga yotadi deyishdi. Uch-to`rt kunda chiqib ketadi. Yotqizdim. O`sha kuni kechki payt bolam va onamni olib, ko`rgani bordik. Shifoxonadan o`z oyog`i bilan yurib chiqdi. Kechki payt o`nda telefon qildi, operatsiyaga dori kerak dedi. Borib olib keldim. Oshqozonini yuvamiz deyishdi. Shundan so`ng yarim soatdan keyin yuragi to`xtagan. O`sha paytda ham menga dori yozib berishdi. Bir og`iz aytishmabdi. Meni hammasi yaxshi deb aldab o`tirishgan. Onaning yuragi to`xtaganda ham kislorod qoladiyu, bolani saqlab qolsa bo`lardi-ku, — deydi marhumaning turmush o`rtog`i.

Uning ma'lum qilishicha, marhuma 30 noyabrda 26 yoshga to`lar edi.

"Bularga qattiq chora ko`rish kerak. Kerak bo`lsa, qamash lozim. O`g`lim ertaga onam qani deganda, javob berolmayman", — deydi u.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Habarga ko`ra, 1997 yilda tug`ilgan homilador ayol M.Q. Yangiyul shahridagi tug`uruq muassasasiga shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi yo`llanmasi bilan murojaat qilgan va 2023 yilning 14 noyabr' kuni “Homiladorlik-2, 31-32 hafta, muddatidan avvalgi tug`uruq xavfi” tashxisi bilan qabul qilingan.

Markazda bemor zarur tekshiruvlardan o`tkazilib, davo choralari olib borilgan. Shu kuni kechqurun ayolda ko`ngil aynishi va qayt qilish holati kuzatilgan. Bemor ushbu holatni somsa va salat eyishi bilan bog`lagan. Infektsionist va xirurg ko`riklari tashkil etilib, oshqozon-ichak faoliyati buzilishi qayd qilingan. UTT tekshiruvida bachadon normotonusda, jigar va o`t pufagi faoliyati normal ekani tashxislangan.

Shundan so`ng homilador ayol undan xabar olgani kelgan turmush o`rtog`i bilan uchrashgan.

Palataga qaytgandan so`ng kutilmaganda ayolning ahvoli og`irlashib, hushidan ketgan. Ko`rsatilgan reanimatsion shoshilinch tibbiy yordam choralariga qaramay, bemorda biologik o`lim holati yuz bergan.

Sud tibbiyot ekspertizasi dastlabki xulosasiga ko`ra, marhumada homiladorlikka aloqador bo`lmagan neyrofibromatoz xastaligi asoratlari oqibatida taloq arteriyasining, ichak tutqich tomirlarning spontan yorilishi to`satdan o`lim holatiga olib kelgan.

Ma'lumotlarga ko`ra, arteriyalarning to`satdan yorilishi – nasliy xastalik hisoblangan neyrofibromatoz (Reklingxauzen sindromi)ning asorati bo`lib, aksariyat holatlarda o`lim bilan yakunlanadi.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar surishtiruv olib bormoqda.

To Top ↑
To Top ↑