x

Buxoroda  o`qituvchi va o`quvchi qiz o`rtasida yuzaga kelgan janjal videosi ijtimoiy tarmoqlarga tarqaldi. «Xabar.uz» muxbiri Romitan tumanidagi 20-umumiy o`rta ta'lim maktabidagi chet tili o`qituvchisi hamda 11-sinf o`quvchi qizi o`rtasidagi janjal sababiga qiziqdi.

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Iroda Oripovaning bildirishicha, joriy yilning 18 noyabr' kuni chet tili fani o`qituvchisi zamonaviy texnik jihozlardan foydalangan holda dars jarayonlarini olib borgan. Ehtiyotsizlik tufayli texnik jihoz ag`anab tushgan va unga jiddiy ziyon etgan. Shu orada o`quvchi qiz M.A. sinfda tinchlikni saqlash o`rnida o`qituvchining asabini qo`zitadigan hatti-harakatda bo`lgan. O`qituvchi o`quvchini tartibga chaqirgan. Tanbehlarga qaramay, o`quvchi qiz o`qituvchiga gap qaytarishdan to`xtamagan.

Ma'lum bo`lishicha, bundan jahllangan o`qituvchi o`quvchi qizni darsdan chiqib ketishini talab qilgan. O`quvchi qiz yana qaysarlikda davom etavergach, o`qituvchi uning qo`lidan ushlab, sinfdan chiqib ketishga undagan. Huddi shu paytda o`quvchi qiz o`qituvchiga qarshilik ko`rsatgan va tortishuv janjalga aylanib ketgan.

«Sinfdagi boshqa qizlar janjalning oldini olish uchun o`quvchi qiz va o`qituvchini bir-biridan ajratayotgan vaqtda sinf yigitlari holatni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborishgan. Shundan so`ng, holatga aniqlik kiritish maqsadida Romitan tumani hokimligi, tuman Ichki ishlar bo`limi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi bo`limi xodimlari ishtirokida joyida borib o`rganishlar olib borildi», — dedi Romitan tumani hokimi matbuot xizmati rahbari Islom Sattorov.

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig`i Farrux Qurbonovning so`ziga ko`ra, chet tili fani o`qituvchisi asli Buxoro tumanidan bo`lib, Romitan tumanining chekka mahallasi – Marziya mahalla fuqarolar yig`inida joylashgan 20-umumiy o`rta ta'lim maktabiga qatnagan holda faoliyat ko`rsatib kelayotgan bo`lgan.

«Maktabning «Odob-axloq qoidalari»ga rioya qilmagan bitiruvchi sinf o`quvchisi va o`z vazifasini bajarishda qo`pollikka yo`l qo`ygan o`qituvchining hatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda»,—dedi Farrux Qurbonov.

Mavzuga qaytamiz.

To Top ↑
To Top ↑