“Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mash'um xabarlarni OAV orqali o`qib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan o`y keldi va buning ortidan mana shu ixtironi yaratish g`oyasi tug`ildi”
— deydi 3 yildan beri “Barkamol avlod” bolalar maktabining robototexnika to`garagiga qatnaydigan Ozodbek Hoshimov.
Ozodbek Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Robototexnika” to`garagi a'zosi. U Zangiota tumanidagi 6-maktabning 9-sinf o`quvchisi.
Ozodbekning qurilmasi gaz, olov va tutun yuzaga kelganda xavf haqida tegishli xizmatlarga ogohlantirish SMS xabarnomasini yuboradi.
Qurilma yong`in xavfi yuzaga kelganda, uy egalarini ogohlantirish bilan birga o`t o`chiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya yuborib, SMS xabarnoma tashlaydi. Ayni damda Ozodbekning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda.
Ozodbekka ushbu ixtironi yaratishda to`garak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchilik qilgan. 22 yoshda bo`lgan ustoz 2019-yildan buyon Shayxontohur tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabida to`garakka rahbarlik qiladi.
"Agar ushbu ixtiro tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, albatta bunday baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga ishonaman"
— deydi Ozodbek.
Ozodbekka kelgusi ishlarida omad va zafarlar tilab qolaman. Insonlar hayotini asrab qolish uchun yaratgan ixtirosi albatta shu maqsadda xizmat qilib, odamlarimizga naf keltirsin!
Ezgu niyatli bolalarimiz soni ko`payaversin, Illohim.