x

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 10 noyabrdagi “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta'minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo`yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Pensiya jamg`armasi xabar berdi.

 

Qarorga muvofiq, 2024 yil apreldan boshlab, fuqarolar onlayn shaklda bolalar nafaqasi va moddiy yordamga ariza topshirishlari mumkin. Bunda fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalarni yuborish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan “Yagona reestri” AT orqali kam ta'minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo`yicha elektron shaklda ariza berish huquqi beriladi.

Qarorda belgilanishicha, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezonlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritiladi. Hususan, 2023 yilning dekabr' oyidan boshlab bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangandan so`ng “Yagona reestr” AT yordamida har oyda oilaning iqtisodiy holati avtomatik ravishda monitoring qilinadi hamda oilaning iqtisodiy holati yaxshilangan (ikkinchi ko`chmas mulk yoki noturar joy, yangi avtotransport xarid qilgan yoki yuqori ish haqi olishni boshlagan) bo`lsa, nafaqa to`lovi to`xtatiladi.

2023 yil 16 noyabrdan mehnat organlariga murojaat qilgani sababli rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oila a'zosi 3 oy davomida kasbga tayyorlash, malaka oshirish, qayta tayyorlash o`quv kurslarida o`qimasa, to`lov to`xtatiladi. Shuningdek, u ish izlovchi yoki ishsiz sifatida ro`yxatga olinmasa, ishga joylashmasa, yakka tadbirkorlik bilan shug`ullanuvchi va o`zini o`zi band qilgan fuqarolar ro`yxatiga kirmasa yoki ishga doir takliflarni muntazam (2 va undan ko`p) rad qilgan bo`lsa,  keyingi oydan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to`lovi to`xtatiladi.

Qaror bilan ishlab chiqarilgan muddati 12 yildan oshmagan engil avtotransport vositasi mavjud oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi. Bunda, oilada I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo`lsa ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshgan oilaga nafaqa tayinlashni rad etmaslik tartibi saqlab qolinadi.

Oila a'zolari nomiga rasmiylashtirilgan tomorqa er va/yoki dehqon xo`jaligini yuritish bilan band bo`lgan faqat bitta oila a'zosi band deb avtomatik belgilanadi.

Fuqaroning chet elda ekani yoki “har bir oila – tadbirkor” faoliyati bilan bandligi elektron ma'lumotlar asosida avtomatik aniqlanadi. Bunda, mahalla fuqarolar yig`inlari tomonidan belgilab berish tartibi bekor qilinadi.

Ruhiy kasalliklar bo`yicha dispanser hisobida turgan oila a'zolaridan bandlik talab etmaslik imtiyozi berilmoqda.

Rasman nikohi bekor qilinmagan aliment to`layotgan er (xotin) oila tarkibiga kiritilmasligi belgilandi.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 martdan boshlab “mahalla ettiligi” tomonidan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan biroq foydalanuvida bo`lgan avtotransport vositalari, ko`chmas mulklari hamda chorva mollari ularning arizalarida ko`rsatgan ma'lumotlarga muvofiqligi joyiga chiqqan holda o`rganiladi.

To Top ↑
To Top ↑